O‘zbekistondagi 300dan ortiq avtobus 2018-yildan buyon texnik sinovdan o‘tkazilmasdan yo‘lovchi tashib kelmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Senatining matbuot xizmati xabar berdi.

Bu bo‘yicha Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbitdin Burxonov bosh vazir o‘rinbosari Achilbay Ramatovga senator so‘rovini yubordi.

Hukumatning tegishli qarori bilan “JV MAN Auto-Uzbekistan” qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan “MAN A 22 CNG” avtobuslariga istisno tarzida STG-3 rusumidagi gaz ballonlarini o‘rnatish va ulardan foydalanishga ruxsat berilgan.

“O‘zavtosanoat” qoshida yuqori texnologiyali sinov laboratoriyasini tashkil etish, zarur uskunalar bilan jihozlash va STG-3 (LNG-3) rusumidagi gaz ballonlarini sinovdan o‘tkazish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash, Texnik jihatdan tartibga solish agentligidan akkreditatsiyadan o‘tkazish belgilangan.

Mazkur talablar shu kungacha ijro etilmasdan, korxonaning STG-3 rusumidagi ballonlar bilan jihozlangan 300dan ortiq avtobuslari 2018-yildan buyon texnik sinovdan o‘tkazilmagan holda yo‘lovchi tashimoqda.

“Bu esa minglab, balki millionlab fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga real xavf tug‘dirmoqda. Mamlakatimizning turli hududlarida avtobus va boshqa transport vositalariga o‘rnatilgan gaz ballonlarining portlashi bilan bog‘liq sodir bo‘layotgan holatlar bunga yaqqol misoldir”, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, hukumatning 2023-yilning yanvaridagi tegishli qaroriga muvofiq, Xitoyda ishlab chiqarilgan STG-3 rusumli gaz ballonlari bilan jihozlangan avtobuslar istisno tarzida xarid qilinishiga ruxsat berilib, hozirda aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.

Senator so‘rovi avtobuslarda inson salomatligi bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarning oldini olish hamda o‘rnatilgan STG-3 gaz ballonlarini texnik sinovdan o‘tkazish kerakligidan kelib chiqib yuborilgan.

Unda yuqori texnologiyali sinov laboratoriyasini tashkil etish va STG-3 (LNG-3) gaz ballonlarini sinovdan o‘tkazish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash, nima uchun agentlikdan akkreditatsiyadan o‘tkazilmagani hamda laboratoriyalarni tashkil qilish yuzasidan tushuntirish berish so‘ralgan.

Qayd etilishicha, yuborilgan senator so‘rovining javobini Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida muhokama qilish rejalashtirilgan.

Fevral oyida Oliy Majlisda samolyot va poyezd chiptalarini sotishdagi korrupsiyaviy holatlar qayd etilgandi. Xususan, lizing asosida olib kelinayotgan samolyotlar uchun aniq mezon belgilanmaganligi tanqid qilindi.