Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida mayning ferma tashkil etgan shaxs aniqlandi. Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” matbuot xizmati xabar berdi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda shaharning “Oydin” MFYda joylashgan xonadonda yashovchi A.E. o‘z uyida 11 dona to‘plamdagi mayning kripto-aktivlari qurilmalarini tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga o‘g‘rilik yo‘li bilan ulagani ma’lum bo‘ldi.

Buning natijasida fuqaro jami 238,9 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlandi.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mart oyida Toshkentda noqonuniy mayning ferma faoliyati aniqlandi. Natijada elektr energiyasiga noqonuniy ulanish orqali davlatga 680 mln so‘m zarar yetkazilgan.

Avvalroq Istiqbolli loyihalar milliy agentligi mayning-pul faoliyatini amalga oshirish qoidalarini tasdiqlagandi.