Ijtimoiy himoya milliy agentligi o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lganlarga ijtimoiy-maishiy xizmatlarni ko‘rsatish uchun xususiy sektor ishtirokchilarini hamkorlikka chaqirmoqda.

Pilot loyiha Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida amalga oshiriladi. Unda agentlik reyestridagi 40 nafar o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga uyda ijtimoiy-maishiy xizmatlar ko‘rsatish autsorsing orqali tashkil etiladi. Xizmat davomiyligi — 3 oy.

Loyihani amalga oshirishda agentlik tomonidan xodimlarni bepul o‘qitish, xizmatni monitoring qilish uchun axborot tizimidan bepul foydalanish va ijtimoiy xizmatlarni keng yoritish xizmatlari taklif etiladi.

Uyda ko‘rsatiladigan ijtimoiy-maishiy xizmatlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • ovqat tayyorlash va yarim tayyor mahsulotlarni tayyorlab muzlatgichda saqlab qo‘yish;
  • supurish-yig‘ishtirish;
  • kiyim-kechaklarni yuvish;
  • gigiyena tadbirlarini amalga oshirish;
  • zarur oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlarni uyga yetkazib berish;
  • xonadondagi santexnika jihozlarini ta’mirlashda (uy-joyni boshqaruvchi tashkilotlar va boshqaruvchilarni jalb qilish) ko‘maklashish;
  • sartaroshlik xizmatidan foydalanishda ko‘maklashish;
  • qarindosh va do‘stlar bilan yozishmalarda ko‘maklashish;
  • tibbiyot va sport muassasalariga borish va kelishda hamrohlik qilish.

Loyihada mazkur xizmatni ko‘rsatuvchi yoki ko‘rsatishga imkoniyati bor tadbirkorlar ishtirok etishlari mumkin. Shu bilan birga, tibbiy yoki uyda maishiy xizmat ko‘rsatish tajribasiga ega tadbirkorlar ishtirok etishi maqsadga muvofiq.

Nomzodlar joriy yilning 20-apreligacha +998 88 199 25 52 telefon raqamiga yoki “Telegram” manzili orqali murojaat qilishlari mumkin.

Xizmat ko‘rsatishni amalga oshirish hamda autsorserga qo‘yiladigan talablar mavjud. Batafsil ma’lumotlar bilan havola orqali tanishish mumkin.

Avvalroq 1-oktabrdan aholiga ko‘rsatiladigan barcha ijtimoiy yordamlarni “ijtimoiy karta” orqali moliyalashtirish joriy etilishi ma’lum qilingandi.