Jizzax viloyatidagi “ADM Jizzakh” avtomobil zavodi O‘zbekiston bozorining kamida 25%ini egallamoqchi. Bu haqda kompaniya bosh direktori Doniyor Davletyarov “O‘zbekiston 24” telekanalining “Menimcha” ko‘rsatuviga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Hozirda zavodda uchta — “Great Wall Motors” kompaniyasining “Haval”, “Chery Intermational” kompaniyasining “Chery “hamda “Kia Motors” kompaniyasining “Kia” brendlari ostida avtomobillar ishlab chiqarilmoqda.

Yirik blok ostida 18ta avtomobil modeli ishlab chiqarilmoqda. Shundan 2 turdagi tijorat transporti “Hyundai” hamda “Kia” brendlari hisoblanadi. Doniyor Davletyarovning ta’kidlashicha, zavod avtomobil bozorining kamida 25%ini egallashga harakat qilmoqda.

“Kelajakda avtomobil bozorining kamida 25%ni egallashga harakat qilyapmiz. Yangi kadrlar tayyorlaymiz, yangi ish o‘rinlari yaratamiz. Menimcha, bu butun O‘zbekiston iqtisodiyotiga katta hissa qo‘shadi”, — dedi u.

Shuningdek, Davletyarov korxonaning Jizzaxda joylashgani uning atrofidagi korxonalarning rivojlanishiga ham turtki bo‘lishini ta’kidladi. Bu ko‘proq xorijiy investitsiyalar kelishiga olib keladi, dedi u.

“Biz xorijiy loyiha tashkilotlari va muhandislarni jalb qilmasdan o‘zimizning o‘zbek yigitlarimiz bilan shu narsani qildik. Boshidan chizdik, keyin loyihaga aylantirdik. Undan keyin esa O‘zbekistonning qurilish kompaniyalari “nol"dan boshlab qurdi. Texnologiyalarni o‘zimizning yigitlar qo‘ydi… Hozir ular ishlab chiqarayapti. Yigitlarimiz bilimi shu darajaga yetdiki, o‘zimiz mustaqil avtomobil zavodi qildik. Kelajakda o‘zimiz milliy avtomobil ham ishlab chiqara olamiz. Shu motivatsiya bilan yigitlarimiz ishlayapti”, deya qayd etdi Doniyor Davletyarov.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev “ADM Jizzakh” avtomobil zavodi faoliyati bilan tanishib, zavodda mahalliylashtirish darajasini oshirish, mamlakat sanoat korxonalari bilan kooperatsiyani kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergandi.

Zavod 2026-yildan gibrid va elektromobillar ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Keyingi uch yil ichida avtomobil zavodi jami $550 mln miqdorida sarmoya kiritadi. Uning maydoni 170 gektarga kengaytirilib, 10 mingta ish o‘rni yaratiladi.

Avvalroq “UzAuto Motors” 2023-yilda $4,85 mlrdlik 369,99 ming dona avtomobil ishlab chiqarib, O‘zbekiston avtomobil bozorining 81%ini egallagani ma’lum bo‘lgandi. “ADM Jizzakh” ulushi esa 5,5%ni tashkil etdi. Bozorning qolgan ulushi import, jumladan, $291 mlnlik 8948ta “BYD” avtomobili hissasiga to‘g‘ri kelgan.