Joriy yilning birinchi choragida 2 629ta iste’molchi tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” axborot xizmati rahbari Navro‘z Norboboyev ma’lum qildi.

Xususan, 111,4 mln metr kub tabiiy gaz noqonuniy foydalanilishi natijasida 167,1 mlrd so‘m zarar hisoblangan. 111,2 mln kilovatt-soat elektr energiyasidan esa — 166,7 mlrd so‘m. Natijada davlat manfaatlariga jami 333,8 mlrd so‘m zarar yetkazilgan.

Bundan tashqari, kripto-aktiv va mayning faoliyatida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish bo‘yicha 63ta holat aniqlandi. Natijada, elektr ta’minoti korxonasi tomonidan jami 83,86 mlrd so‘m (21 mln 319 ming kVt/soat) miqdori qayta hisob-kitob qilindi.

Energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar bo‘yicha 1 832ta ma’muriy ish rasmiylashtirildi. Aniqlangan holatlarning 989tasi elektr, 843tasi esa gazdan foydalanishda qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yilganligi ma’lum bo‘ldi.

Neft mahsulotlari bo‘yicha olib borilgan sifat nazorati tadbirlari davomida 562ta AYoQSh va korxonadan 819ta tahlillar olinib, 44ta holatda 1,61 mln litr neft mahsuloti sifatsizligi aniqlanib, sotuvga chiqarilishi oldi olindi.

Elektr tarmoqlarining muhofaza zonalariga noqonuniy qurilgan 9 544ta obyekt xatlovdan o‘tkazildi, 8 266tasi bo‘yicha dalolatnomalar rasmilashtirilib, 1 530tasining hujjatlari sud organlariga taqdim etildi, 402tasiga nisbatan tegishli choralar ko‘rilgan.

Reaktiv energiyasini kompensatsiya qilinishi bo‘yicha quvvati 50 kVt va undan yuqori bo‘lgan iste’molchilarga 23 mingdan ziyod yozma ko‘rsatmalar berildi. 690ta iste’molchida reaktiv energiyasini kompensatsiya qilish bo‘yicha qurilmalar o‘rnatildi.

Jismoniy va yuridik shaxslar 489ta murojaatlar jo‘natgan, shundan 38tasi ijobiy hal qilingan, 412tasiga tushuntirish berilgan, 39tasi o‘rganish jarayonida.

“Energiya resurslaridan ayrim “tadbirkor"larning noqonuniy foydalanishlari tarmoqlarda ortiqcha yuklanishlarga hamda energiya resurslar ta’minoti barqarorligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda”, — dedi Navro‘z Norboboyev.

Sirdaryo va Buxoroda tabiiy resurslardan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Natijada elektr energiyasi hamda tabiiy gaz tizimiga 336 mln so‘mlik zarar yetkazilgan.