Avvalroq hukumat qarori bilan 1-maydan aholi uchun elektr va gaz tariflari oshirilib, energiya iste’molining ijtimoiy standartlari o‘rnatilishi belgilangandi.

Shu bilan birga, biznes uchun narxlar o‘zgarishsiz qoldi. Biroq, hukumat qarorida aniqlik kiritilishicha, yuridik shaxslar 1-iyuldan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun to‘lovlarni 100% oldindan amalga oshiradi.

“O‘zenergoinspeksiya” “Hududiy elektr tarmoqlari” hamda “Hududgazta'minot” bilan tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlarni aniqlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar kuchaytirilishini ta’minlashi belgilanmoqda.

Energetika vazirligi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Raqobat qo‘mitasi bilan bir oy muddatda ko‘mirning ulgurji va chakana narxlarini bozor tamoyili asosida shakllantirish bo‘yicha takliflarni kiritadi.

Bosh prokuratura hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan ikki oy muddatda yoqilg‘i-energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalarni joriy etish hamda elektr energiyasi va tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish va talon-toroj qilish uchun belgilangan tariflarga nisbatan oshiruvchi koeffitsiyentni qo‘llash to‘g‘risidagi takliflar ishlab chiqadi.

Shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda aholi tomonidan energiya tejamkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan dasturni ishlab chiqib, tasdiqlash uchun hukumatga kiritadi.

2025-yilning 1-aprelidan elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari uchun bosqichma-bosqich o‘zgaradigan narxlar belgilanmoqda.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi elektr va gaz tariflari oshishiga izoh berdi. Aholi uchun narxlar oxirgi marta oshganidan keyin 5 yil ichida inflyatsiya 66%ni tashkil etgan.

Ijtimoiy himoya mexanizmlaridan kelib chiqib, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlashga budjetdan qariyb 1 trln so‘m ajratilgan. 1,5 mln kam ta’minlangan oilalarga isitish mavsumida 270 ming so‘m miqdorida bir martalik kompensatsiya ajratiladi.

Oxirgi marta gaz va elektr energiyasi tariflari 2019-yil avgust oyida oshirilgandi. 2023-yilning 1-oktabrdan yirik korxonalar, budjet tashkilotlari, kompaniyalar va boshqa yuridik shaxslar uchun elektr energiyasi va gaz narxlari oshirildi.