Xorazm viloyati hamda Toshkent shahrida noqonuniy mayning ferma faoliyati bilan shug‘ullangan shaxslar aniqlandi. Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” matbuot xizmati xabar berdi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Xorazm viloyati boshqarmasi tomonidan “O‘zenergoinspeksiya” hududiy boshqarmasi bilan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Yangibozor tumani “Yangiyop” MFYdagi xonadonda yashovchi J.T. o‘z uyida mayning ferma tashkil etgani ma’lum bo‘ldi.

Fuqaro 2ta to‘plamdagi mayning qurilmasini tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga o‘g‘rilik yo‘li bilan ulagan. Buning natijasida jami 321 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilganligi aniqlandi.

Departamentning Olmozor tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Namuna” MFYdagi xonadonda yashovchi O.Sh. o‘z uyida mayning qurilmasini o‘rnatgani ma’lum bo‘ldi.

Ushbu fuqaro ham qurilmalarni tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga o‘g‘rilik yo‘li bilan ulab, jami 65,3 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

20-apreldan noqonuniy kripto-aktivlar aylanmasi va mayning faoliyati uchun javobgarlik choralari kuchga kirdi. NAPP kripto-aktivlar bilan bog‘liq operatsiyalarni sohada xizmat ko‘rsatuvchi milliy provayderlar orqali amalga oshirishga, mayning faoliyatini qonunchilik doirasida amalga oshirishga chaqirmoqda.

Avvalroq Qarshida noqonuniy mayning ferma tashkil etgan fuqaro aniqlangandi. U kripto-aktivlari qurilmalarini elektr tarmog‘iga ulab, 238,9 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.

Birinchi chorakda kripto-aktiv va mayning faoliyatida elektrdan noqonuniy foydalanish bo‘yicha aniqlangan 63ta holatda jami 83,86 mlrd so‘m qayta hisob-kitob qilingan.