Xorazm va Qoraqalpog‘istonni bog‘lovchi ko‘prik ikki kunga yopiladi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” matbuot xizmati xabar berdi.

Amudaryo tumanida Qipchoq — Blok post stansiyalari oralig‘idagi temir yo‘l kesishmasini jihozlash bo‘yicha qo‘shimcha ishlar olib boriladi.

Shundan kelib chiqib, 2024-yilning 7-may kuni soat 14:00dan 9-may soat 14:00gacha avtomobillar harakati qo‘shma ko‘prikda vaqtincha to‘xtatiladi.

Bu davr mobaynida avtotransport vositalari harakati “Qipchoq ponton ko‘prigi” orqali amalga oshiriladi.

Qoraqalpog‘istonning Amudaryo tumanida qurilgan mazkur ko‘prik fevral oyida ochildi. Uning uzunligi 423 metrni tashkil etib, u orqali 48 ming yo‘lovchining 2 soat vaqti tejaladi, temir yo‘l masofasi 180 kilometrga, yuk tashish tezligi esa 6 soatgacha qisqaradi.

Avvalroq joriy yilning iyun oyi oxirigacha Toshkent-Andijon pullik yo‘l qurilishi loyihasining texnik-iqtisodiy ishlari yakunlanishi ma’lum qilingandi.