2023-yilda O‘zbekistonda Amerika valyutasiga bo‘lgan talab oshdi. Bu haqda Oliy Majlis Senatining 52-yalpi majlisida Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamrayev ma’lum qildi.

O‘tgan yili yuqori iqtisodiy faollik fonida chet el valyutasiga bo‘lgan talabning taklif hajmidan sezilarli darajada ortishi kuzatildi.

Xususan, ichki valyuta bozorida 2022-yildagiga nisbatan 1,2 barobar ko‘p, ya’ni $33,4 mlrd sotilgan.

“Valyutaga bo‘lgan talab va taklif o‘rtasidagi tafovut 2023-yilda sotib olingan $6,6 mlrd ekvivalentidagi monetar oltin hamda neytrallik tamoyillari doirasida o‘tgan yillarda amalga oshirilmagan intervensiyalar hisobidan qoplandi”, — dedi Behzod Hamrayev

Bundan tashqari, 2023-yilda so‘m almashuv kursining devalvatsiyasi 9,8%ni tashkil etdi. Joriy yil boshidan Amerika valyutasiga nisbatan so‘m deyarli 2,9%ga qadrsizlandi.

Avvalroq Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov so‘mning dollarga nisbatan qadrsizlanishi birinchi chorakda oshganiga izoh bergandi. Buning asosiy sababi valyutaga bo‘lgan talab bilan bog‘liq ekanligi qayd etildi.

Dollar kursi 22-aprel kuni rekord daraja — 21 so‘mga oshib, 12 711 so‘mni tashkil etdi. 10-mayda AQSh valyutasi kursi bu rekordni yangilab, 12 718 so‘mga yetdi. Biroq, 15-may kuni belgilangan valyuta kursi uni ham ortda qoldirib, 12 727,9 so‘m bo‘ldi.