20-maydan Toshkent aeroportida “Europcar"ning avtomobillarni ijaraga berish kompaniyasi ish boshladi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.

Endilikda yo‘lovchilar to‘g‘ridan to‘g‘ri aeroportda avtomashinani ijaraga olishlari mumkin bo‘ladi. Xizmat Toshkent xalqaro aeroportining uchib kelish zalidan chiqishda joylashgan.

Avtomobilni ijaraga olish uchun yo‘lovchi “Europcar” peshtaxtasiga shaxsini tasdiqlovchi hujjat va haydovchilik guvohnomasi bilan murojaat qiladi.

Europcar.com, Expedia.com, EconomyBookings.com onlayn platformalaridan biri orqali avtomobilni tanlash, shartnoma tuzish mumkin.

Bunda depozit yoki ijara haqini to‘liq to‘lash lozim. Ro‘yxatdan o‘tish tugallangandan so‘ng, yo‘lovchiga avtomobil kaliti beriladi.

Kompaniya parkida yo‘lovchi mahalliy yoki xorijiy ishlab chiqaruvchi avtomobilini hamda elektromobil yoki benzinda ishlaydigan avtomobilni tanlashi mumkin.

Ishlab chiqarilgan yili to‘rt yildan, yurgan masofasi 80 ming kmdan oshmaydigan avtomobillar ijaraga beriladi. Agar avtomobil bu ko‘rsatkichlardan biriga yetsa, mashina tizimdan chiqariladi.

Europcar” — 1949-yilda asos solingan, shtab-kvartirasi Parijda joylashgan avtomobil ijarasi kompaniyasi. Uning parkida 150ta mamlakatda 250 mingdan ortiq avtomobil va 3 mingga yaqin ijara punktlari mavjud.

Joriy yilning 15-mayidan Toshkent aeroporti kirish yo‘lagidagi kameralar avtomatik tarzda jarima solishni boshladi. Kirish yo‘lagida ruxsat etilgan to‘xtash vaqtidan ortiq turgan haydovchilar jarimaga tortiladi.