O‘zbekistonda dollarning rasmiy kursi pasaydi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

Regulyator Amerika valyutasining rasmiy kursini 12712,88 so‘m etib belgiladi. Kun davomida kurs 11 so‘m 84 tiyinga pasaydi.

15-may kuni dollar kursi yana rekord darajani qayd etib, 12727 so‘mni tashkil etgandi.

Yil boshidan buyon milliy valyuta Amerika valyutasiga nisbatan deyarli 2,9%ga qadrsizlandi. So‘mning real almashuv kursi dinamikasi yil boshidan 0,9%ga pasayib, uzoq muddatli trendi doirasida shakllandi.

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov so‘mning dollarga nisbatan devalvatsiyasi birinchi chorakda oshganiga izoh berdi. Buning asosiy sababi valyutaga bo‘lgan talab bilan bog‘liq ekanligi qayd etildi.

2023-yilning 10-avgust kuni Amerika valyutasi ilk bor 12 ming so‘m chegarasidan o‘tgandi. Rasmiy kursning 400 so‘mga sakrashi 2018-yilda valyuta bozori liberallashganidan beri eng keskin ko‘tarilgan.