“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi Qarshidan Sankt-Peterburgga parvozlarni yo‘lga qo‘ymoqda. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Qarshi-Sankt-Peterburg-Qarshi yo‘nalishi bo‘yicha aviaqatnovlar haftada bir marta — dushanba kunlari amalga oshiriladi.

Birinchi aviareys joriy yilning 24-iyunidan boshlanishi rejalashtirilgan.

Parvozlar jadvali (mahalliy vaqt bilan) quyida keltirilgan:

  • Qarshidan jo‘nab ketish — soat 09:35, Sankt-Peterburgga yetib borish -soat 12:50;
  • Sankt-Peterburgdan jo‘nab ketish — soat 14:20, Qarshiga yetib borish — soat 21:05.

Bir tomonlama narxi 2,07 mln so‘mdan, borish-qaytish bo‘yicha esa 3,72 mln so‘mdan boshlanadi.

14-iyundan “Uzbekistan Airways” Toshkentdan Nijnevartovskka ham parvozlarni boshlaydi. Aviaqatnov haftada bir marotaba — juma kunlari amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, Toshkentdan Vyetnamning Nyachang shahriga parvozlar yo‘lga qo‘yilmoqda.

Aviakompaniya Haj mavsumida Madinaga charter reyslarni amalga oshiradi. Yo‘lovchi parvozlari 23-maydan boshlanib, 7-iyungacha davom etadi.