Bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida dam oladigan bolalar qamrovini kengaytirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, tadbirkorlar va xo‘jalik yurituvchilarni jalb etgan holda belgilangan statsionar bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari negizida belgilangan mexanizmlar orqali o‘zaro manfaatli hamkorlik loyihalari amalga oshiriladi.

Oromgohlar bino-inshootlari va yer uchastkalarining bir qismi 15 yilgacha muddatga hamkorlarga ijaraga beriladi. Bunda, ular oromgoh hududining bir qismida yangi binolarni qurishi yoki mavjud binolarni ta’mirlash va jihozlashlari shart.

Xuddu shu shartlarda oromgohlar bino-inshootlari va yer uchastkalari yozgi mavsumdan tashqari paytda foydalanish uchun 10 yilgacha muddatga hamkorlarga ijaraga beriladi.

Yangi binolarni qurish yoki ta’mirlash va jihozlash, yozgi mavsumda oromgohlar tashkil etish sharti bilan oromgohlar bino-inshootlar va yer uchastkalarini 10 yilgacha muddatga hamkorlarga ijaraga berish belgilanmoqda.

Bunda mazkur nazarda tutilgan hamkorlik loyihalari O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan ishlab chiqiladigan shartlar asosida hamkorlarga “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali taklif etiladi.

Shuningdek, belgilangan oromgohlarning bino-inshootlari va yer uchastkalarini yozgi mavsumdan tashqari paytda hamkorlarga ijaraga berish orqali ularni o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkaziladi.

Avvalroq kasaba uyushmalari tizimidagi bolalar oromgohlari 2026-yilgacha foyda solig‘idan ozod etilgandi. Bu dam olish mavsumidan tashqari tashkil etiladigan dam olish uylarining va dam olish zonalarining xizmatlarni ko‘rsatishdan olgan foydasiga nisbatan tatbiq etiladi.