“WhatsApp” jamoasi “Android” mobil ilovasida yangi funksiyani sinovdan o‘tkazmoqda. Bu haqda “WaBetaInfo” xabar berdi.

Qayd etilishicha, tez orada messenjerga uchrashuv yoki ish videoqo‘ng‘irog‘i boshlanishidan oldin bildirishnomalarni yuboradigan eslatma funksiyasi qo‘shiladi.

Foydalanuvchi faqat guruh chatida eslatma yaratishi mumkin. Suhbatning har bir ishtirokchisi ushbu onlayn uchrashuvni unutmaslik uchun o‘zi eslatma o‘rnatishi mumkin.

Bildirishnomalar tadbirdan bir kun, 2 soat yoki 30 daqiqa oldin kelishi mumkin.

Ta’kidlanishicha, bu xususiyat maktab guruhlari suhbatlari uchun ham foydali bo‘ladi.

Shunday qilib, o‘qituvchi “Ota-onalar yig‘ilishi” tadbirini yaratishi mumkin va ota-onalar buni unutmaydilar, chunki “WhatsApp” ularga tadbir haqida eslatib turadi.

Hozircha guruh suhbatlarini eslatish funksiyasi Android uchun “WhatsApp"ning so‘nggi beta-versiyasida mavjud.

Bir yil ichida funksiya barcha foydalanuvchilar, jumladan, iPhone egalari uchun ham mavjud bo‘ladi.


Avvalroq “Spot” “WhatsApp” yana bir yangi funksiyani taqdim qilishi haqida yozgandi.

Endi messenjerda barcha suhbatdoshlar ko‘radigan sun’iy intellekt avatarlarini yaratish mumkin bo‘ladi.