O‘zbekiston va Germaniya nemis tilini o‘qitish bo‘yicha yangi loyihani boshlamoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Agentlik loyihani Germaniya federal bandlik agentligi bilan birga amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

Uning doirasida O‘zbekistonda hunarmandchilik va qurilish sohalari mutaxassislari nemis tiliga o‘qitiladi.

Loyiha ikkita toifa bo‘yicha tashkil etilib, ulardan birinchisi malakali mutaxassislar uchun mo‘ljallangan bo‘ladi.

Bunda unarmandchilik va qurilish sohalarida kamida 1 yillik tajriba va 2 yillik diplomga ega bo‘lgan 20−40 yoshdagi nomzodlar ishtirok etishlari mumkin.

Ikkinchi toifa bo‘yicha esa diplomga ega bo‘lmagan yoshlar jalb qilinadi. 18−30 yosh oralig‘idagi nomzodlar “Ausbildung” tizimi orqali Germaniyada kasbiy ta’lim olishadi.

Loyihalar joriy yilning sentabr-oktabr oylarida amalga oshirilishi kutilmoqda. Agentlik tanlovlarda ishtirok etish uchun fuqarolarni tayyorgarlikni boshlashga chaqirmoqda.

O‘zbekistonda kasb-hunarga o‘qitishning Germaniya modeli joriy etilishi mumkin. Mamlakat haydovchilik, hamshiralik, sanoat va gastronomiya kabi sohalardagi 130 mingdan ortiq ishchi kuchini O‘zbekistondan jalb qilmoqchi.

Avvalroq Germaniya bilan menejerlarni tayyorlash bo‘yicha amaliyotga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi. Arizalarni 10-iyungacha jo‘natish mumkin.