O‘zbekistonda “112” yagona dispetcherlik xizmati faoliyati tashkil etiladi. Bu bo‘yicha hukumat qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, hodisa va favqulodda vaziyatlar ro‘y berganda shoshilinch yordam ko‘rsatish uchun “112” qisqa raqam orqali fuqarolarning chaqiruvlarini qabul qilish va avtomatlashtirilgan tarzda qayta ishlash imkonini beruvchi yagona dispetcherlik xizmati tashkil etiladi.

“112” yagona dispetcherlik xizmati IIV, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda “Hududgazta'minot"ning shoshilinch xizmatlarini ma’lumotlarni uzatishning yagona tarmog‘iga birlashtiradi.

Uning asosida mamlakatning barcha hududlari bo‘yicha shoshilinch yordam chaqiriqlarini qabul qilish va qayta ishlash, aholiga shoshilinch yordam ko‘rsatish faoliyatini boshqarishning yagona tizimi hisoblanadi.

Quyidagilar “112” dispetcherlik xizmatining asosiy vazifalari hisoblanadi:

  • fuqarolarning chaqiruvlarini qabul qilish va avtomatik qayta ishlash, shoshilinch, tez va kechiktirib bo‘lmaydigan bepul yordamni tashkil etish va ko‘rsatish;
  • shoshilinch yordam ko‘rsatishni boshqarish va muvofiqlashtirish;
  • vazirlik va idoralarning shoshilinch xizmatlari tomonidan fuqarolarga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatilishi yuzasidan tizimli nazorat yuritish;
  • vazirlik va idoralarning shoshilinch xizmatlari o‘rtasida yaqindan axborot almashinuvi bo‘yicha tezkor o‘zaro hamkorlikni ta’minlash.

“112” yagona dispetcherlik xizmati bosqichma-bosqich ishga tushiriladi. Dastlab, 2024-yilning 1-iyunidan xizmat Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ishga tushadi.

Joriy yilning birinchi yarim yilligida Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida, yil yakunigacha esa Qoraqalpog‘iston va qolgan viloyatlarda joriy etiladi.

mazkur “112” tezkor raqami va dispetcherlik tizimini ishga tushirishni davlat rahbari 2023-yilning iyulida topshirgandi.