Shavkat Mirziyoyevning Buxoro viloyatiga tashrifi arafasida “Qorako‘l” erkin iqtisodiy zonasida “Enpipe” korxonasi ishga tushirildi.

Loyihaning umumiy qiymati $58 mlnni tashkil etib, to‘liq xorijiy investitsiya hisobidan amalga oshirildi. Bu yerga Xitoy, Turkiya, Niderlandiya va Ispaniyadan uskunalar keltirilda va o‘rnatildi.

Korxonada yiliga 300 ming tonna metall quvurlar ishlab chiqarish tashkil etildi. To‘g‘ri chokli uslubda tayyorlanuvchi quvurlar yuqori bosimga va tashqi ta’sirlarga chidamli hisoblanadi.

Oldin bunday mahsulotlar qimmat narxlarda xorijdan olib kelingan bo‘lsa, endi turli qalinlikdagi metallar list shaklida olib kelinib, shu yerda tayyorlanmoqda. Natijada tannarx 25%ga arzonlashdi.

Shu yerda qurilayotgan MTO gaz-kimyo majmuasida chidamli quvurlardan foydalaniladi. Korxonada 400dan ortiq kishi ish bilan ta’minlandi.

Bu yerda loyihaning ikkinchi bosqichi boshlangan bo‘lib, unda bosimga bardoshli turli hajmdagi rezervuarlar ishlab chiqariladi. Yana 500ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Loyiha to‘liq quvvat bilan ishlasa, $121 mlnlik mahsulotlar tayyorlash imkoni tug‘iladi. Eksport salohiyati ortadi.

“Qorako‘l” erkin iqtisodiy zonasining umumiy maydoni 566 gektar bo‘lib, 5ta yirik loyiha joylashtirilgan. Ular bosqichma-bosqich amalga oshirilib, yakunda uch mingga yaqin ish o‘rni yaratilishi mo‘ljallangan.