Misrda O‘zbekiston savdo uyi hamda sanoat markazi ochiladi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Palata raisi o‘rinbosari Dilshod Rasulov va Misrning “AN-Nasr” xalqaro savdo korxonasi rahbariyati, O‘zbekistonning Misrdagi elchixona vakillari va Misr savdo vazirligi o‘rtasida onlayn muzokaralar o‘tkazildi.

Tomonlar Port Said shahrida O‘zbekiston savdo-sanoat palatasining qo‘shma Savdo uyi hamda distibyutorlik va sanoat kooperatsiyasi markazini ochish bo‘yicha shartnoma imzolashdi.

2023-yilning avgustida sanoat kooperatsiyasi va distributsiya markazini tuzish hamda omborxonalarni ijaraga olish masalalari ko‘rib chiqilgandi.

Joriy yilning mart oyida prezident yirik port shaharlarda O‘zbekistonning savdo uylarini ochishni topshirdi. Germaniya, Vengriya, Polsha, Ispaniya, AQSh va Qozog‘istondagi savdo uylari ham tadbirkorlar boshqaruviga beriladi.

Aprelda Janubiy Koreyada O‘zbekistonning birinchi savdo uyi ro‘yxatdan o‘tkazildi. Shou-rumda oziq-ovqat, meva-sabzavot hamda to‘qimachilik kabi mahsulotlar namoyish etiladi.

Avvalroq Yaponiyaning Nagoya shahrida, Rossiyaning esa Ivanovo viloyatida O‘zbekiston savdo uylari ochildi. Litvaning Klaypeda portida ham palata savdo uyi ochiladi.