Bir oyda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari natijasida davlat manfaatlariga yirik miqdorda zarar yetkazildi. Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” matbout xizmati xabar berdi.

Inspeksiyaning huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan may oyida o‘tkazgan nazorat tadbirlarida 971ta holatda iste’molchilarning tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlandi.

Bunda 39,3 mlrd so‘mlik elektr energiyasi va 28,5 mlrd so‘mlik tabiiy gaz talon-toroj qilingan. Natijada davlat manfaatlariga jami 67,8 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan.

Qonunga xilof ravishda foydalanilgan elektr hajmi 46,26 mln kVt/soatni, tabiiy gaz esa 18,12 mln kub metrni tashkil etadi.

Hududlar bo‘yicha noqonuniy foydalanish holatlarining eng ko‘pi Navoiy, Surxondaryo va Andijon viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Qoidabuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilindi.

Aprel oyida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari natijasida davlatga 58,8 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlangandi.

Farg‘onada metan zapravka 1 mlrd so‘mdan ortiq tabiiy gazni talon-toroj qildi. AGTKSh gaz hisoblagichiga tashqi ta’sir ko‘rsatgan holda tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan.