“Tesla” kompaniyasi bu yil yangilangan “Model Y"ni chiqarishni rejalashtirmayapti. Bu haqda kompaniya bosh direktori Ilon Mask ma’lum qildi.

Mask 2024-yilda “Model Y” yangilanishlari chiqmasligini ta’kidlab, har bir “Tesla” yangilanishi avtomobilni yaxshilaydi va hatto 6 oy davomida yangi elektromobil avvalgisidan yaxshiroq bo‘lishini qo‘shimcha qildi.

“Tesla” o‘zining eskirgan modellarini yangilashda sekin harakat qilmoqda, chunki yuqori foiz stavkalari iste’molchilarning qimmatbaho mahsulotlarga bo‘lgan ishtahasini susaytirgan, dunyodagi eng yirik avtomobil bozori bo‘lgan Xitoydagi raqobatchilar esa arzonroq modellarni ishlab chiqarmoqda, deya xabar berdi “Reuters”.

Avvalroq “Tesla” xavfsizlik kamarlari bilan bog‘liq muammolar tufayli 125 mingta avtomobilini qaytarib olishi haqida xabar berilgandi.

Qaytarib olish 2012−2024-yillardagi “Model S”, 2015−2024-yillardagi “Model X”, 2017−2023-yillardagi “Model 3” va 2020−2023-yillardagi “Model Y” avtomobillarni o‘z ichiga oladi.

Aprel oyida “Tesla” kompaniyasi gaz pedalidagi nosozlik tufayli 3,9 mingga yaqin “Cybertruck” elektr pikaplarini qaytarib olishi haqida ma’lum qilgandi.

Shuningdek, fevral oyida “Tesla” AQShda 2,2 mln avtomobilni qaytarib olishi haqida xabar berilgandi.

Qayd etilishicha, avtomobillarning qaytarib olinishiga asboblar panelidagi noto‘g‘ri shrift o‘lchami sabab bo‘lgan.


Avvalroq “Spot” Ilon Mask “Tesla” kompaniyasini tark etishi mumkinligi haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, 13-iyun kuni Tesla aksiyadorlari Maskga $56 mlrd bonus to‘lash to‘g‘risida qaror qabul qilishlari kerak. Aks holda, u kompaniyani tark etadi.