Joriy yilning 20-iyulidan “President Tech Award” tanlovining ikkinchi to‘lqiniga arizalar qabuli boshlangandi. Nomzodlar 1-avgustgacha onlayn ro‘yxatdan o‘tishlari belgilangandi.
Ko‘plab so‘rovlarga asosan, tanlov uchun arizalarni qabuli qilish muddati 20-avgustga qadar uzaytirildi. Bu haqda tanlov tashkilotchilari xabar berdi.
Umumiy sovrin jamg‘armasi $1 mlnni tashkil qiluvchi tanlov asosiy va maxsus yo‘nalishlarga bo‘linadi.
Tanlovning asosiy yo‘nalishi quyidagi toifalar bo‘yicha o‘tkaziladi:
- sun’iy intellektga asoslangan texnologiyalar;
- ijtimoiy sohada raqamli texnologiyalar;
- MicroSaaS va AdTech;
- kompyuter va mobil o‘yinlar;
- tadbirkorlik va moliyaviy texnologiyalar.
Maxsus yo‘nalish 72 soat ichida raqamli yechim yaratishni o‘z ichiga oluvchi “Gran-Pri Hakaton"dan iborat.
Asosiy yo‘nalishlar uchun sovrin jamg‘armalari o‘zgarishsiz qolmoqda:
- 1-o‘rin — $100 ming;
- 2-o‘rin — $50 ming;
- 3-o‘rin — $30 ming.
Bunda pul mukofotlari 5ta yo‘nalishning har birida 1, 2, 3-o‘rin sovrindorlari uchun beriladi. Xakatonning maxsus yo‘nalishi uchun $100 ming taqdim etiladi.
Tanlovda ishtirok etish uchun arizalarni havola orqali jo‘natish mumkin.
2023-yilning fevralida umumiy jamg‘armasi $1 mlnni tashkil etuvchi mazkur tanlovni o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi. Undan keyin, “IT Park” direktori Farhod Ibragimov tanlovga izoh berib, loyihalarni baholashga xorijdan kompaniya jalb qilinishini ma’lum qildi.
1-maydan birinchi tanlovga arizalar qabuli boshlandi hamda unga 4 mingdan ortiq ariza jo‘natilgani ma’lum bo‘ldi. Tanlovning final bosqichida 5ta yo‘nalishda 15ta jamoa g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.