Afg‘onistonda qayta tiklangan Naibobod temir yo‘l stansiyasi ochildi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” matbuot xizmati xabar berdi.

7-avgust kuni mazkur Naibobod temir yo‘l stansiyasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev va “O‘zbekiston temir yo‘llari” boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Hikmatulla Raxmetov, Afg‘oniston bosh vaziri o‘rinbosari Alxaj Mulla Abdul G‘ani Barodar, Balx provinsiyasi gubernatori Muhammad Yusef Vafo, jamoat ishlari vaziri Al-haj Muhammad Iso “Soniy"lar ishtirok etdi.

Shu kuni Naibobod stansiyasiga birinchi yuk vagonlari yetib keldi. Bu mintaqaning transport infratuzilmasini rivojlantirishda yangi bosqichning boshlanishini bildirishi qayd etildi.

Xususan, dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan mamlakat Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo bilan o‘z hududidan o‘tadigan avtomobil va temir yo‘l yo‘nalishlari orqali bog‘lashda muhim rol o‘ynaydi.

Shundan kelib chiqib, o‘zbekistonlik temir yo‘l mutaxassislari tomonidan tiklangan Naibobod stansiyasi Rossiya, Qozog‘iston, Xitoy va Yevropa mamlakatlaridan Afg‘oniston orqali Pokiston, Hindiston va boshqa Janubiy Osiyo mamlakatlariga yuklarni tashish uchun muhim markaz bo‘ladi.

Mozori Sharif-Kobul-Xarlachi yo‘nalishi bo‘ylab Transafg‘on temir yo‘li qurilishi loyihasini amalga oshirishni tezlashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Bu loyiha mintaqadagi logistika aloqalarini sezilarli yaxshilaydi va savdo-iqtisodiy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Afg‘oniston tomoni o‘zbekistonlik hamkasblariga 75 kilometr uzunlikdagi temir yo‘l liniyasi va Naibobod stansiyasida ta’mirlash-tiklash ishlari uchun minnatdorchilik bildirdi. Tomonlar hamkorlikni davom ettiradi.

Xayraton-Naibobod-Mazari-Sharif temir yo‘l liniyasini tiklash ishlari “O‘zbekiston temir yo‘llari” tomonidan Termiz mintaqaviy temir yo‘l uzel va “So‘g‘diyona Trans” bilan Afg‘oniston temir yo‘l boshqarmasi o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida amalga oshirildi. Kompaniya liniyani 50%lik chegirma bilan ta’mirladi.

Rekonstruksiya ishlari joriy yilning fevral oyidan boshlandi. Bunda “O‘zbekiston temir yo‘llari” birinchi bosqich uchun 120 nafar ishchi xodimni safarbar qildi. “Xayraton” stansiyasining “B” parki, temir yo‘l infrastrukturasining 57 km hududlarida to‘liq tiklash ishlari parallel tashkil etildi.

2023-yilning noyabrida “O‘zbekiston temir yo‘llari” Afg‘oniston temir yo‘llari boshqarmasi bilan temir yo‘lni O‘zbekiston kompaniyasi mutaxassislari rekonstruksiya qilishiga kelishdi. Undan keyin kompaniyaning jarayonni $6 mln miqdorida chegirma bilan ta’mirlashi ma’lum bo‘ldi.

Xayratondan Mozori Sharifgacha bo‘lgan temir yo‘l liniyasi 2010-yilda qurib bitkazilgan. 2011-yildan buyon unga “So‘g‘diyona Trans” tomonidan texnik xizmat ko‘rsatib kelinadi.

Avvalroq “O‘zbekiston temir yo‘llari” ko‘p yillik zarardan keyin foydaga chiqqani haqida xabar berilgandi.