Joriy yilning 6-sentabr kuni avtoraqam.uzex.uz savdo tizimida o‘tkazilgan onlayn-auksionda jami 6,35 mlrd so‘mlik avtoraqamlar sotildi. Bu haqda respublika tovar-xom ashyo birjasi matbuot xizmati xabar berdi.

Sotilgan avtoraqamlar soni 1 271tani tashkil etib, tuzilgan bitta bitimning o‘rtacha qiymati 5 mln so‘m bo‘lgan. Shu bilan birga, eng arzon sotilgan avtoraqam qiymati — 1,7 mln so‘mga teng.

O‘z navbatida, shu kuni birja savdolarida eng qimmat sotilgan avtoraqam qiymati 351,9 mln so‘mni tashkil etdi.

Bundan oldingi, 5-sentabr kungi savdolarda eng “chiroyli” avtomobil raqami 111,3 mln so‘mga sotilgandi. Jami 2 495 dona avtoraqam qiymati jami 9,41 mlrd so‘m bo‘lgan.

Avgust oyida ham tovar-xom ashyo birjasi orqali sotilgan avtoraqamlarda yuqori narxlar qayd etilgandi. Masalan, 23-avgust kuni eng qimmat avtoraqam 315,2 mln so‘mga, 26-avgustda — 299 mln so‘mga, 29-avgustda esa har biri 315 mln so‘mga sotilgan.

Bundan tashqari, 6-avgust kungi onlayn-auksionda xarid qilingan eng “chiroyli” avtoraqam qiymati 403,9 mln so‘mni tashkil etgan.

Birinchi yarim yillikda avtoraqamlar savdosi uch barobarga oshib, 426,2 mlrd so‘mni tashkil etdi. Eng qimmat “chiroyli” avtoraqamni Toshkent shahridan yuridik shaxs 517,14 mln so‘mga sotib olgan. Shuningdek, 10-iyul kuni sotilgan “chiroyli” avtoraqam qiymati ham 500 mln so‘mdan oshgan.

2023-yilda tovar-xom ashyo birjasida 396,1 mlrd so‘mga 87 ming dona avtomobil raqamlari sotildi. Eng qimmat “chiroyli” avtoraqamni yuridik shaxs 450 mln so‘mga sotib oldi, bu 2021-yilda o‘rnatilgan rekorddan biroz yuqori ko‘rsatkichdir.