Joriy yilning yanvar-iyul oylarida O‘zbekistonga tashrif buyurgan chet el fuqarolari soni 4,2 mln nafarni tashkil etdi. Bu haqda Statistika agentligi ma’lum qildi.

Natijada, ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 562,5 ming nafarga yoki 15,3%ga oshgan. Bir oylik ko‘rsatkich esa 700 ming nafarga ko‘p bo‘ldi.

Yetakchilikni Qirg‘iziston egallab turibdi, yetti oyda mamlakatdan 1,2 mln yoki o‘tgan yilga nisbatan 31%ga ko‘p sayyoh kelgan. Taxminan bir xil miqdordagi Tojikiston fuqarolari mamlakatga tashrif buyurgan, biroq o‘sish 4%ni tashkil etgan.

Qozog‘iston garchi 3,8%ga kamaygan bo‘lsa-da, 845,8 ming nafar turist bilan uchinchi o‘rinda turibdi. Birinchi beshlikka 442,1 ming nafar bilan Rossiya (+5,9%) va 83,7 ming nafar bilan Turkmaniston (2,1 barobar ko‘p) kirdi.

Turkiya 62 ming sayyoh bilan oltinchi o‘ringa tushib, 6,9% o‘sish ko‘rsatgan holda MDHdan tashqari davlatlar orasida yetakchilikni saqlab qoldi. Xitoydan kelgan sayyohlar soni ikki baravarga (35,5 ming), Hindistondan esa uchdan ikki qismiga (33,3 ming) oshdi.

Janubiy Koreya sayohatlar sonining 18%ga (23,9 ming) o‘sishi bilan bir yil avvalgi yettinchi o‘ringa nisbatan to‘qqizinchi o‘rinni egalladi. Top-10talikni Italiya (19,5 ming) yakunlab berdi.

Bundan tashqari, yetti oyda jami 3,4 mln nafar o‘zbekistonlik turistik maqsadlarda chet elga safar qilgan. Ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 35,7%ga oshgan. Top-3 mamlakat Qirg‘iziston (1,6 mln nafar), Tojikiston (676,4 ming nafar) hamda Qozog‘iston (526,4 ming nafar) bo‘ldi.

Avvalroq Navoiyda birinchi safari turizm klasteri tashkil etilgani haqida xabar berilgandi. Cho‘l hududidagi 2 gektar maydonda ochilgan oromgoh bir vaqtning o‘zida 500 nafar sayyohga xizmat ko‘rsata oladi.