Buyuk Britaniyaning “Unilever” kompaniyasi Rossiyadagi sho‘ba korxonasini parfyumeriya, uy-ro‘zg‘or buyumlari va kosmetika ishlab chiqaruvchi “Arnest” kompaniyalar guruhiga sotdi. Bu haqda “RBC” nashri kompaniya matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.

“Sotuv Rossiyadagi butun „Unilever“ biznesini va uning mamlakatdagi to‘rtta zavodini o‘z ichiga oladi. Savdoga Belarusdagi biznesimiz ham kiritilgan”, — deyiladi kompaniya xabarida.

Bitim tugagandan so‘ng, “Unilever"ning Rossiyadagi ishtiroki tugadi, deya qo‘shimcha qildi kompaniya. Kelishuv shartlari oshkor etilmagan.

“Unilever"ning Rossiyadagi portfeli kosmetika mahsulotlari, maishiy kimyo (“Cif”, “Domestos”, “Glorix”), muzqaymoq (“Magnat”, “Ekzo”, “Zolotoy Standard”), oziq-ovqat mahsulotlari (“Knorr” va UFS) va shaxsiy parvarish (“Dove” va boshqalar) toifalarida 46ta brendni o‘z ichiga oladi.

Kompaniya 2022-yilda Rossiyadagi faoliyatini cheklagan, biroq mamlakatda qolishni rejalashtirgandi.

Sentabr oyi boshida “RBC” nashri “Unilever” kompaniyasi o‘zining rus biznesini sotishga ruxsat olgani haqida xabar bergandi.

O‘sha vaqtda Britaniya korporatsiyasining Rossiya biznesi qiymati chegirmani hisobga olgan holda 35−40 mlrd rublga baholangandi.

“RBC” Rossiya aktivlarining xaridori aniqlangangani haqida ma’lum qilib, uning nomi va boshqa tafsilotlarni oshkor qilmadi.


Avvalroq “Spot” “Unilever” 7500 nafar xodimini qisqartirishi haqida yozgandi.

Shuningdek, kompaniya muzqaymoq ishlab chiqarish bo‘limini mustaqil biznesga aylantiradi.