Yaponiyaning “Sumitomo Corporation” savdo kompaniyasi O‘zbekistonda logistika markazi va bojsiz savdo zonalarini ochishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.
11-oktabr kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Akram Aliyev “Sumitomo Corporation” bosh vakili Norixiko Nonaka bilan avtomobil ishlab chiqarish va transport yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma loyihani muhokama qildi.
Uchrashivda kompaniya mahalliy va tashqi bozorga talab yuqori bo‘lgan avtomashinalar va ehtiyot qismlar yetkazib berish niyatini bildirdi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va “Sumitomo Corporation” loyihaning asosiy bosqichlari va amaliy jihatlarini belgilab berdi, shuningdek, bozor imkoniyatlarini tahlil qilish asosida ularni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqdi.
Muzokaralar natijasida tomonlar hamkorlikni davom ettirishga kelishib, bir qator masalalar yuzasidan kelishib oldilar.
“Sumitomo Corporation” — 1919-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda Yaponiyadagi eng yirik savdo kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Yillik aylanmasi $36,2 mlrd, xodimlar soni 6 ming kishi. Kompaniya butun dunyo bo‘ylab 65 mamlakatda 120ta vakolatxona orqali ishlaydi.
Avvalroq “Spot” Yaponiya O‘zbekistonga $6,3 mlnlik tibbiy mobil konteynerlar yetkazib berishi haqida yozgandi.
Mazkur 4ta konteyner o‘z ichiga kompyuter tomografiyasi skanerlari va rentgen apparatlarini qamrab oladi.