Ichimlik va oqova suv uchun to‘lovlar faqat onlayn qabul qilinadi
1-dekabrdan O‘zbekistonda suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun to‘lovlar faqat elektron shaklda qabul qilinadi.
Fuqarolar o‘zlari uchun qulay bo‘lgan quyidagi to‘lov usullaridan birini tanlashlari mumkin:
- “O‘zsuvta'minot” saytida shaxsiy kabinet;
- Telegram-bot;
- elektron to‘lov xizmatlari (“Click”, “Paynet”, “Alif Mobi”, “Payme”, “Oson”, “Uzum Bank”);
- infokioskalar, bank kassalari, pochta bo‘limlari.
Uy-joyni yaxshilash uchun ipoteka kreditiga arizalar qabuli boshlanadi
Fuqarolar yakka tartibdagi uy-joy qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlashga 120 mln so‘mgacha kredit uchun onlayn ariza berishlari mumkin bo‘ladi. Mablag‘lar Markaziy bank asosiy stavkasidan to‘rt foiz bandga yuqori stavka (18%) da 20 yilgacha Mahalla yettiligi tavsiyasi asosida ajratiladi.
Boshlang‘ich to‘lovning bir qismini qoplash uchun kreditning 15%i miqdorida, foiz to‘lovlarining 12%dan oshgan qismiga besh yilgacha subsidiya taqdim etiladi. Ularni “subsidyplatform.mf.uz” platformasi orqali olish mumkin.
Onlayn ariza berish uchun tizim joriy yilning 1-dekabrigacha ishlab chiqiladi. Undan keyin “Onlayn mahalla” elektron platformasi orqali ariza berish imkoniyati yaratiladi.
Yangi nafaqa oluvchilarga “Ijtimoiy karta"lar beriladi
Yangi tayinlanadigan ijtimoiy to‘lovlar, xizmatlar va imtiyozlar “ijtimoiy karta"ga o‘tkaziladi. Qo‘llab-quvvatlash choralari mazkur karta orqali taqdim etiladi.
Kartalarning chiqarilishi ijtimoiy yordamga muhtoj fuqarolarning hujjatlarni yig‘ish zaruratidan xalos qilishi kerak. Yangi tizim ijtimoiy yordam ko‘rsatishni soddalashtirish va tezlashtirish, shuningdek, jarayonni maqsadli yo‘lga qo‘yishi kutilmoqda.
Patent huquqi buzilganligi uchun tovon undirish mumkin bo‘ladi
12-dekabrdan “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida"gi qonunga kiritilgan qo‘shimchalar kuchga kiradi.
Endi patent egasi o‘zining mutlaq huquqini buzgan holda sanoat mulki obyektidan foydalanayotgan shaxsdan zararlarning qoplanishi o‘rniga BHMning 20 baravaridan 1000 baravarigacha (bu 1-oktabrgacha 6,8−340 mln so‘mni tashkil etadi) tovon puli talab qilishi mumkin.
Tovon zararlar yetkazilishi faktidan qat’i nazar to‘lanadi. Miqdorni aniqlashda huquqbuzarlikning xususiyati, sanoat mulki obyektidan foydalanayotgan shaxsning aybi darajasi hamda ish muomalasi odatlari hisobga olinadi.
Tovon miqdori taraflarning kelishuviga muvofiq yoki sud tomonidan belgilanadi. Ilgari bunday normalar mavjud emasdi.
Avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha murojaatlar onlayn qabul qilinadi
Avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish va ularga davlat raqami belgilarini berish bo‘yicha murojaatlar YHXX mobil ilovasi, rasmiy sayti, Call-markazi yoki Yagona portal orqali qabul qilinib, to‘lovlarni onlayn amalga oshiriladi.
Bunda ro‘yxatdan o‘tkazish turini tanlash, hujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritish, zarur hollarda ularning nusxalarini yuklash hamda telefon raqamni kiritib bu ma’lumotlarni tasdiqlash kerak.
Undan so‘ng to‘lov rekvizitlari va miqdori to‘g‘risida SMS yuboriladi. Yig‘im va to‘lovlar onlayn to‘lanadi. Murojaat YHXX va uning hududiy boshqarmalariga onlayn yuboriladi. Avtomobilni texnik ko‘rikdan o‘tkazish uchun kechiktirmasdan avtomobilni boshqarmaga olib borish kerak.
Avtomototransport vositasi, uning tipi, markasi, model va modifikatsiyasi, RO‘DRB, identifikatsiyalovchi shassi (rama), kuzov va dvigatellar raqamlari, to‘liq vazni, yuksiz vazni, o‘rindiqlar soni to‘g‘risidagi ma’lumotlari asosida texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi.
Xususiy bandlik agentliklari uchun zaxira mablag‘lar miqdori kamaytiriladi
Prezident farmoni bilan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi negizida Vazirlar Mahkamasi huzurida yangi Migratsiya agentligi tashkil etildi.
Agentlik tomonidan dekabrdan boshlab ta’lim tashkilotlarida xorijga ishga ketmoqchi bo‘lgan fuqarolarni kasb-hunar va chet tillariga o‘qitish bo‘yicha buyurtmalar joylashtirish tartibi joriy etiladi.
Xususiy bandlik agentliklariga litsenziya olish uchun zaxira qilinadigan mablag‘lar miqdori BHMning 8,5 ming baravaridan 4 ming baravarigacha (3,19 mlrd so‘mdan 1,5 mlrd so‘mgacha) pasaytiriladi.
2026-yilgacha agentlikning fuqarolarni tashkillashtirilgan holda tanlash, xorijga ishga yuborish va ishga joylashtirish bilan bog‘liq funksiyalari bosqichma-bosqich xususiy bandlik agentliklariga o‘tkaziladi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” temir yo‘lda yuk tashish tariflarini 30%ga oshiradi
Davlat ichki temir yo‘l transportida yuk tashish tariflari 30%ga oshiriladi.
O‘zgarish kompaniyaning inventar vagonlariga ta’sir qiladi va vagon turidan kelib chiqib belgilanadi: universal, maxsuslashtirilgan yoki sisterna.
Qaror vagon qismi bilan bog‘liq oshgan xarajatlarni qisman qoplash va vagon parkini yangilash maqsadida qabul qilingan.
“Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida"gi qonun kuchga kiradi
Prezident tomonidan imzolangan “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida"gi qonun 6-dekabrdan kuchga kiradi.
Hujjat davlat organlariga va mahalliy davlat hokimiyati organlariga, davlat muassasalariga, davlat unitar korxonalariga, davlat maqsadli jamg‘armalariga, ustav fondida davlat ulushi 50% miqdorda va undan ortiq bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlariga nisbatan tatbiq etiladi.
Quyidagi shaxslar davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimiga aloqador shaxslar deb e’tirof etiladi:
- davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining yaqin qarindoshlari;
- davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi va (yoki) uning yaqin qarindoshlari qaysi yuridik shaxsning ustav fondi aksiyalariga yoki ulushlariga egalik qilsa, o‘sha yuridik shaxs;
- davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi yoxud uning yaqin qarindoshlari qaysi yuridik shaxsda boshqaruv organining rahbari yoki a’zosi bo‘lsa, o‘sha yuridik shaxs.
Shaharsozlik kengashlari faoliyati bilan bog‘liq jarayonlar raqamlashtiriladi
Endi barcha loyihalar Shaharsozlik kengashiga “Shaffof qurilish” platformasi orqali elektron kiritiladi. Loyiha hujjatlari bo‘yicha “SES” va yong‘in xavfsizligi tuman bo‘limidan alohida xulosa olish bekor qilinadi.
Kengash a’zolari loyihani quyi tizimi bilan platformada elektron kelishadi, loyihani ko‘rib chiqish muddati 15 kundan oshmasligi kerak. Bu tartib 1-dekabrdan Toshkent shahrida, kelgusi yilning 1-aprelidan qolgan viloyatlarda joriy qilinadi.
Restoran va kafelar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini naqd pulga sotib olishi mumkin
QQS to‘lashga o‘tgan restoran va kafelarlardan naqd pulga sotib olgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini rasmiylashtirish (kirim qilish) da hech qanday hujjat talab qilinmaydi.
Kambag‘al oilalar reyestri yuritiladi
Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan Kambag‘al oilalar reyestri shakllantiriladi. Reyestr “mahalla yettiligi” tomonidan kambag‘al oilalarning ijtimoiy sharoiti va kambag‘allikka tushish sabablarini o‘rganish orqali tuziladi.
MHTEKMning 1,5 baravaridan kam bo‘lmagan oylik ish haqi to‘langan holda ishga joylashgan reyestrdagi oilaning a’zosi uchun ijtimoiy soliq uch yil davomida 1% stavkada to‘lanadi.
Meva-sabzavot mahsulotlari yetishtiruvchilarni baholash tizimi joriy etiladi
Fermer va dehqon xo‘jaliklarining nufuzini oshirish, qayta ishlovchi va eksport qiluvchi korxonalarga ko‘maklashishga qaratilgan “meva-sabzavot mahsulotlari yetishtiruvchilarni baholash” tizimi joriy etiladi.