“Yandex Go” xizmati Navoiy shahrida ham ish boshladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.
Natijada hudud mazkur xizmat mavjud bo‘lgan O‘zbekistondagi 16-shaharga aylandi. Ilova orqali shahar aholisi va mehmonlari tez va oson ravishda safar uchun buyurtma qilishlari mumkin. Shu bilan birga, qulay tarifni tanlash imkoni mavjud.
Safarlarning minimal narxi 4 ming so‘mdan boshlanadi. Masalan, “Vosxod” bozoridan “Yangi Hayot” supermarketigacha bo‘lgan safar taxminan 4 500 so‘mni tashkil etadi.
Xizmatdan foydalanish uchun “App Store” yoki “Google Play” orqali bepul mobil ilovani yuklab olish va hisob raqam yaratish kerak. Taksi buyurtma qilishda manzil ko‘rsatiladi yoki xarita orqali kerakli nuqta tanlanadi.
Ilova avtomobil qancha vaqtda yetib kelishini va uni qanday topish mumkinligini ko‘rsatadi. Yo‘l haqini naqd pul yoki ilovaga ulangan kartasi orqali to‘lash mumkin.
Hozirda xizmat Toshkent, Namangan, Andijon, Farg‘ona, Qo‘qon, Samarqand, Buxoro, Termiz, Nukus, Qarshi, Urganch, Xiva va Guliston kabi 15 shahrida ham mavjud. Xizmat joriy yilning sentabr oyida Jizzaxda ham ishga tushirilgandi.
Avvalroq yil boshidan beri “Yandex” O‘zbekistonda qariyb $10 mln miqdorida soliq to‘lagani haqida xabar berilgandi. Soliq qo‘mitasining qayd etishicha, bu kutilgan yillik hajmdan yuqori ko‘rsatkichdir. Kompaniya qo‘mita bilan mamlakatda faoliyat turlarini legallashtirish ishlarini davom ettiradi.