Ilon Mask boyligi $400 mlrddan oshgan birinchi shaxs bo‘ldi. Bu haqda “Bloomberg” xabar bermoqda.

12-dekabr holatiga ko‘ra, amerikalik tadbirkorning umumiy boyligi “Bloomberg Billionaire Index” ma’lumotlariga asosan $447 mlrdga baholangan.

Dunyoning eng boy odamlari reytingidagi eng yaqin raqobatchisi — “Amazon” asoschisi Jeff Bezos esa atigi $249 mlrd boylikka ega.

Kuchli uchlikni “Meta"asoschisi Mark Sukerberg $224 mlrd bilan bilan yakunladi.

Undan keyingi o‘rinni “Oracle” hammuassisi Larri Ellison $198 mlrd boylik bilan egallagan bo‘lsa, kuchli beshlikni “Louis Vuitton Moet Hennessy” rahbari va egasi Bernard Arno $181 mlrd boyligi bilan yakunladi.

“CNN” nashri xabar berishicha, Mask “SpaceX” kompaniyasining aksiyalarini ichki savdo orqali taxminan $20 mlrd miqdorida daromad olgan. Shu fonda kosmik startapning umumiy qiymati $350 mlrdga yetgan.

Bundan tashqari, “Tesla” aksiyalarining narxi yana bir bor rekord darajaga ko‘tarilgan. Chorshanba kuni fond bozorlari yopilish paytida avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya aksiyalari $424dan sotilgan va uning bozor qiymati $1,33 trlnni tashkil etgan.

Donald Tramp ikkinchi muddatga prezidentlikka saylangandan keyin o‘tgan besh hafta ichida “Tesla” aksiyalari 65%ga qimmatlashdi. Bundan tashqari, Maskning sun’iy intellekt sohasidagi “xAI” loyihasi yangi investitsiya raundi davomida $50 mlrdga baholandi.

Tahlilchilarning ta’kidlashicha, investorlar Maskning Oq uyga yaqinligi va ma’muriyatning muhim sohalardagi qarorlariga ta’sir qilish imkoniyati tufayli uning aktivlarini yanada oshirishga intilmoqda. Saylovdan so‘ng biznesmenning boyligi $136 mlrdga oshdi.

“Informa Connect Academy” tadqiqot guruhi hisobotiga ko‘ra, Ilon Mask 2027-yilga borib dunyodagi birinchi trillioner bo‘lishi mumkin.


Avvalroq “Spot” sud Ilon Maskka $100 mln miqdoridagi mukofot pulini to‘lashni yana bir bor taqiqlagani haqida yozgandi.

Delaver shtati sudi “Tesla” aksiyadorlarining ko‘pchiligi iyun oyida Maskka ko‘p milliardlik to‘lovni ma’qullagani haqidagi dalilni ham ishonchli deb topmagan.