Samarqand viloyatida 3ta qoidabuzarlik natijasida tizimga 5,5 mlrd so‘mlik zarar yetkazilganligi aniqlandi. Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” matbuot xizmati xabar berdi.

“O‘zenergoinspeksiya” Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi va viloyat prokuraturasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departament boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida elektr energiyasidan foydalanishda qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yish holatlari aniqlandi.

Xususan, Toyloq tumanida joylashgan “S.Sh.O.” fermer xo‘jaligi foydalanilgan elektr energiyasi uchun tabaqalashtirilgan tarif bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirilmay kelish natijasida ta’minot korxonasiga 4 mlrd 637 mln so‘m zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘ldi.

Bu kabi holat ushbu tumandagi “P.A.O."MChJ (537,7 mln so‘m) “P.M.W.” MChJda (371,3 mln so‘m) tabaqalashtirilgan tarif bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirilmay kelganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.


Avvalroq “Spot” ikkita hududda 360 mln so‘mlik elektr energiyasi talon-toroj qilingani haqida yozgandi.

Xususan, Qoraqalpog‘iston va Samarqandda fuqarolar elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanganligi aniqlandi.