Raqobat qo‘mitasi “Yandex Go” taksi xizmatini narxlarni pasaytirish bo‘yicha ogohlantirdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Xizmat platformasida taksida yo‘lovchi tashish xizmatlari narxlari oshishi kuzatilayotgani yuzasidan iste’molchilardan murojaatlar kelib tushmoqda. Bu bo‘yicha dekabr oyidagi dastlabki 10 kunlik xizmat narxlari monitoring qilinganda narxlar dinamikasida keskin o‘zgarish kuzatilganligi aniqlandi.

2023-yilning dekabrida qo‘mita “YandexGo UB"ni taksi agregatori bozorida ustun mavqega ega raqamli platforma operatori sifatida e’tirof etgandi. “Raqobat to‘g‘risida"gi qonun bilan bunday xo‘jalik yurituvchining ustun mavqeini suiiste’mol qilishi, xususan, monopol yuqori narx belgilash taqiqlanadi.

Shundan kelib chiqib, qo‘mita platforma operatorini yo‘lovchi tashish xizmatlari narxlarini pasaytirish yuzasidan chora ko‘rish bo‘yicha ogohlantirdi. Kompaniya, shuningdek, platforma narx algoritmini qayta ko‘rib chiqishi kerak.

O‘tgan yil oxirida “Yandex Go” O‘zbekiston hududida mahalliylashtirishni yakunlab, soliq rezidenti maqomini oldi. Shu bilan birga, ilovada sayohatlar uchun fiskal chek berishni ishga tushirdi.

Olti kun ichida kompaniya xizmatida 800 mingdan ortiq chek chiqarildi. Ular bo‘yicha to‘lovlarning umumiy miqdori 13,5 mlrd so‘mni tashkil etdi. O‘sha vaqtda ko‘rsatilgan xizmatlari yuzasidan korxonalar ichida eng katta bozor ulushi — 86,3%i kompaniyaga to‘g‘ri kelgan.

“Yandex” o‘n oy ichida mamlakatda deyarli $10 mln miqdorida soliq to‘lagan. Soliq qo‘mitasining qayd etishicha, bu kutilgan yillik hajmdan yuqori ko‘rsatkichdir. Kompaniya qo‘mita bilan mamlakatda faoliyat turlarini legallashtirish ishlarini davom ettiradi.

Avvalroq “Yandex” O‘zbekistonda “Yandex Market” savdo belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza topshirgani haqida xabar berilgandi.