Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekiston hukumatiga yana 4ta hududda maktabgacha ta’lim sohasiga biznesni jalb qilish bo‘yicha maslahatlar beradi, deya xabar berdi tashkilot matbuot xizmati.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘chalar tashkil etishda yordam ko‘rsatiladi. Xuddi shunday loyiha Samarqand viloyatida ham amalga oshirilmoqda.
Har bir viloyatda 100tagacha maktabgacha ta’lim muassasasi ochish rejalashtirilmoqda. Jami 75 ming o‘quvchiga mo‘ljallangan 500ta ta’lim muassasasi ochiladi. Bu esa maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish maqsadini amalga oshirish imkonini beradi.
“OTBning qo‘llab-quvvatlashi bolalar bog‘chalarini boshqarishga eng yaxshi amaliyotlarni olib kiradi, maktabgacha ta’lim sifati va barqarorligini oshirishga imkon beradi,” — dedi bankning O‘zbekistondagi direktori Kanokpan Lao-Araya.
Uning qo‘shimcha qilishicha, loyihalar jahon standartlariga mos keladigan ta’lim tizimining poydevorini yaratishga hissa qo‘shadi.
OTBning ishtiroki loyihalarni tayyorlash, ularni tarkiblash va xaridlarni amalga oshirishda malakali xususiy hamkorlarni qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga oladi.
Bank O‘zbekiston hukumati va biznesiga davlat-xususiy sheriklik imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha ko‘maklashadi.
Shavkat Mirziyoyev sentabr DXShni rivojlantirish chora-tadbirlarini tasdiqladi. Shu jumladan, 2026-yildan boshlab yiliga kamida 100ta maktab va 100ta bog‘cha qurilishini tashkil etish, shuningdek, Toshkent viloyatida ta’lim muassasalari qurilishi bo‘yicha tender o‘tkazishga OTBni jalb etish rejalashtirilgan.
Avvalroq “Spot” ehtiyojmand oilalarga oilaviy bog‘chalar uchun kompensatsiya to‘lovlari joriy etilishi haqida yozgandi.