“Telegram"ning iOS uchun mo‘ljallangan oxirgi versiyasida yashirin funksiya paydo bo‘ldi. Bu haqda “Telegram Info” kanali xabar berdi.

Bu funksiya joriy suhbatga, hatto u ikki foydalanuvchi o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshlangan bo‘lsa ham, boshqa ishtirokchilarni qo‘shish imkonini beradi.

Ilgari bunday imkoniyat faqat guruh chatlarida yoki kanallardagina mavjud edi.

“Telegram"ning iOS 11.7.1 versiyasida konferensiyalar o‘tkazishga mo‘ljallangan interfeys aniqlandi. Yangi funksiya hozirgi suhbat qatnashchilari sonini kengaytirish imkoniyatini beradi, garchi u dastlab faqat ikki foydalanuvchi o‘rtasida boshlangan bo‘lsa ham.

Ishtirokchilarni qo‘shish tugmasini ko‘rish uchun debagg menyusiga o‘tish va “Conference [WIP]” bandini tanlash kerak.

Biroq funksiyaning o‘zi hozircha ishlamayapti. U aynan qachon foydalanuvchilarga taqdim etilishi hozircha noma’lum.

“Telegram"da qo‘ng‘iroqlar funksiyasi 2017-yilda joriy etilgan. Avvaliga bu funksiya mobil ilovalarda amalga oshirildi, keyinchalik esa kompyuter versiyasiga ham qo‘shildi.

Hozirgi kunda uch yoki undan ortiq kishi ishtirokidagi qo‘ng‘iroqni tashkil etish uchun guruh yoki kanal yaratish zarur bo‘ladi.


Avvalroq “Spot” “Telegram"da navbatdagi yangilanishlar taqdim etilgani haqida yozgandi.

Xususan, videolar uchun muqovalar va ularning joriy vaqtidagi havolasini nusxalash, sun’iy intellekt asosida stiker qidirish hamda boshqa imkoniyatlar paydo bo‘ldi.