O‘zbekiston fuqarolari Germaniyaga ishga taklif etilmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Agentlik Germaniyaning “Amazone” ish beruvchi tashkiloti bilan payvandchi, muhandis-mexanik hamda chilangarlik sohalari bo‘yicha ish o‘rinlariga arizalar qabul qilmoqda.
Nomzodlar 40 yoshgacha, nemis tilidan kamida A2 darajadagi “Gyote”, “Telc” yoki “ÖSD” xalqaro sertifikatiga ega, sudlanmagan va jismonan sog‘lom bo‘lishlari kerak.
Shu bilan birga, metal texnologiyasi, qishloq xo‘jaligi va texnika yo‘nalishida kasb ta’limi diplomi yoki avtomobilsozlik, mashinasozlik, agrar mashinasozlik bo‘yicha bakalavr diplomiga ega bo‘lish talab etiladi.
Soha bo‘yicha kamida 1 yillik tajriba bo‘lishi zarur. Qishloq xo‘jalik texnikasi, gidravlika, elektron komponentlarni yig‘ish ko‘nikmasiga ega bo‘lganlar ustunllikka ega.
Ish haftasiga 5 kun, 40 soatni tashkil etadi. Oylik maosh — 1800 yevro. Uy ijarasi va ovqatlanish qabul qilinganlarning o‘zlari hisobidan qoplanadi.
Aviabilet olish, aeraportdan ish joyigacha transfer hamda arzonlashtirilgan yashash joyi topishda yordam beriladi. Sinov muddati 6 oyni tashkil etadi.
Nomzodlar havola orqali ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.
Hozirda 70 ta bo‘sh ish o‘rinlari mavjud. Batafsil ma’lumotlarni havola yoki +998 71 202 33 55 (ichki raqam 10) telefon raqami orqali olish mumkin.
Avvalroq Rossiya kompaniyalari 7 ming nafar o‘zbekistonlikni ishga jalb qilishi haqida xabar berilgandi. Patent olishda zarur bo‘lgan rus tili imtihonini topshirish Toshkentda ham yo‘lga qo‘yilishi mumkin.