2024-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda mikromoliya tashkilotlari va lombardlarning sof foydasi birinchi marta 1 trillion so‘mdan oshdi. Bu haqda Markaziy bankning mikromoliya tashkilotlari va lombardlarning moliyaviy holatiga bag‘ishlangan hisobotida aytiladi.

Yanvar-dekabr oylarida mikromoliya tashkilotlari va lombardlarning jami daromadi 3,4 trln so‘mni, xarajatlari 1,5 trln so‘mni, sof foydasi 1 trln so‘mni tashkil etdi.

Mikromoliya tashkilotlari 3 trln so‘m daromad oldi, shundan deyarli yarmi xarajatlar qismiga to‘g‘ri keldi. Shunday qilib, ularning sof foydasi 833 mlrd so‘mni tashkil etdi.

O‘z navbatida, lombardlarning daromadi 354 mlrd so‘mdan oshdi, xarajatlar esa 138 mlrd so‘mni tashkil etdi. Natijada ularning sof foydasi 170 mlrd so‘m atrofida shakllandi.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, mikromoliya tashkilotlarining foizli daromadlari umumiy daromadlarning 70%ini tashkil etib, buning 99,3%i ajratilgan kreditlar hisobiga shakllanadi. Xarajatlar tuzilmasida mikromoliya tashkilotlarining foizsiz xarajatlari 10%ni (lombardlarda 11%), operatsion xarajatlar 44%ni (81%), foizli xarajatlar esa 46%ni (8%) tashkil etdi.

Mikromoliya tashkilotlarining mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatish orqali oladigan foizli daromadlarida ko‘rsatilgan xizmatlar segmentatsiyasi ulushida mikroqarzlarning ulushi 97−99% oralig‘ida shakllangan.

2024-yil yakunlariga ko‘ra, mikroqarzlar (45,83 trln so‘m) va mikrokreditlar (17,4 trln so‘m) ajratish hajmi yarmidan ko‘proqqa oshdi. Ikkinchi yarim yillikda mikroqarzlarning o‘sish sur’atlari tezlashdi va dekabr oyida 5,1 trln so‘m bilan mutlaq rekord o‘rnatildi.

Mikromoliyalash

2024-yilning yanvar oyida Markaziy bankning o‘sha paytdagi raisi Mamarizo Nurmuratov mikromoliyalash bozorida “pufak” paydo bo‘lishiga hech qanday asos yo‘qligini ta’kidlagandi. 2023-yilda chakana kreditlarning umumiy portfeldagi ulushi 26% dan 33% ga oshdi va chakana kreditlashning ayrim segmentlarida haddan tashqari qizib ketish kuzatildi.

O‘sha yilning fevral oyi oxirida Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan qonun bilan mikroqarzlarning cheklangan miqdori ikki baravarga — 50 mln so‘mdan 100 mln so‘mgacha oshirilishi belgilandi.

Iyul oyiga kelib, prezident yil yakunigacha 50 ta mikromoliyalash tashkilotini ochish va ularni kreditlash uchun 1 trln so‘m miqdorida moliyaviy resurslar ajratish bo‘yicha topshiriq berdi.

O‘sha vaqtda mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatishga oid nizom tasdiqlandi. Buning uchun ular maxsus kengash tuzishi va alohida buxgalteriya hisobini yuritishi kerak.

Shu bilan birga, 1-noyabrdan onlayn kreditlarni berishda vaqtinchalik tartib joriy etildi. Ilova orqali ariza berishda biometrik identifikatsiyadan o‘tish kerak. Bu arizachining shaxsan o‘zi tomonidan berilganligini aniqlash imkonini beradi. Agar qarzdorning qarzlari ko‘p yoki muddati o‘tgan bo‘lsa, bank kreditni rad etishi yoki uning miqdorini kamaytirishi mumkin.

Avvalroq “Spot” 2024-yilda O‘zbekistonda iste’mol va avtokreditlar ajratish ikki baravarga kamaygani haqida yozgandi.