Prezident ayrim qonun hujjatlariga kredit majburiyatlarini bajarish tartibini takomillashtirish va aholining mikromoliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.

Hujjat bilan, “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risida"gi qonunning 5-moddasiga o‘zgartirish kiritildi. Unga asosan, aholiga ajratiladigan mikroqarzlar miqdori 50 mln so‘mdan 100 mln so‘mga oshirildi.

Fuqarolik kodeksiga kiritilgan o‘zgarishlar bilan, to‘lov summasi qarz oluvchi aholi yoki tadbirkorga ajratilgan mikroqarz yoki kredit bo‘yicha majburiyatlarni bajarish uchun yetarli bo‘lmasa, qarz oluvchining qarzi quyidagicha qoplanadi:

  • asosiy qarz bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorlik va muddati o‘tgan foiz to‘lovlari mutanosib ravishda;
  • joriy davr uchun hisoblangan foizlar va asosiy qarz bo‘yicha qarzdorlik;
  • neustoyka (jarima, penya);
  • kreditorning qarzdorlikni uzish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa xarajatlari.

Kredit bo‘yicha qarzdorlikni va hisoblangan foizlarni undirish haqida sudning hal qiluv qarori chiqarilganda kredit bo‘yicha foizlar hamda neustoyka hisoblanishi to‘xtatiladi.

Fuqarolik kodeksiga kiritilgan o‘zgarish va qo‘shimchalar 2024-yil boshidan yuzaga kelgan munosabatlarga ham tatbiq etiladi. Qonun e’lon qilingan kundan kuchga kiradi.

Fevral oyi boshida senatorlar mikroqarz berishning maksimal miqdorini oshirishga qaratilgan qonunni qabul qilgandi.

Fuqarolarga beriladigan mikroqarzlar miqdori oxirgi marotaba 2019-yili oshirilgandi. 2023-yilning oktabrida Markaziy bank ularning miqdorini 100 mln so‘mga oshirishga qaratilgan qonun loyihasini muhokamaga qo‘ydi.

Noyabrda esa prezidentning tadbirkorlik faoliyatini yaxshilashga qaratilgan qarori bilan mikroqarzning eng yuqori miqdorini 100 mln so‘mgacha oshirish belgilandi.