20-fevral kuni prezident tomonidan imzolangan qonun bilan “Davlat boji to‘g‘risida"gi qonunga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.

Endilikda issiqlik va elektr energiyasini yetkazib berishdagi xizmatlar uchun to‘lovlar bo‘yicha qarzlarni undirish to‘g‘risidagi da’volar uchun korxonalar davlat bojini to‘lashdan ozod etiladi.

Bunda to‘lovlar ariza va shikoyatlar bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha va iqtisodiy sudlarga murojaat qilinganda bekor qilinadi.

Shuningdek, ularning talablarini qanoatlantirish to‘liq yoki qisman rad etilgan taqdirda davlat bojini issiqlik va elektr energiyasini yetkazib beruvchilardan undirish belgilanmoqda.

Bundan tashqari, chet el tijorat tashkilotlarining vakolatxonalarini O‘zbekiston hududida akkreditatsiya qilishda davlat bojini to‘lash har bir yil uchun amalga oshirilishini aniqlashtiruvchi o‘zgartirish kiritildi.

Oliy Majlis Senati energiya resurslari iste’molchilarining to‘lov intizomi darajasining pastligi issiqlik va elektr energiyasi ta’minoti korxonalarining moliyaviy ko‘rsatkichlariga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini qayd etdi.

Shu bilan birga, yuzaga kelgan debitor qarzdorlikni qisqa muddatlarda bartaraf etish va aholiga sifatli xizmatlar ko‘rsatish imkoniyatlari cheklanmoqda. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Avvalroq O‘zbekistonda ichimlik va oqova suv uchun to‘lovlarni nazoratchilar orqali naqd pulda qabul qilish to‘xtatilgani haqida xabar berilgandi.