“Bloomberg” savdo ma’lumotlariga ko‘ra, bitkoin narxi $90 mingdan pastga tushib, 2024-yil 15-noyabrdan buyon eng past ko‘rsatkichni qayd etdi.
Bu AQShH prezidenti Donald Trampning import bojlarini joriy etishi va kripto sanoatidagi ketma-ket muvaffaqiyatsizliklar fonida sodir bo‘ldi.
25-fevral kuni Moskva vaqti bilan soat 16:03 holatiga ko‘ra, “Binance” birjasida bitkoin $89,180dan (-6,88%) sotildi.
Bitkoin narxining pasayishi so‘nggi kunlarda aksariyat moliya bozorlariga ta’sir ko‘rsatgan umumiy makroiqtisodiy noaniqlik bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi “Independent Reserve” kriptobirjasi bosh direktori Adrian Pshelozniy.
U buni Tramp e’lon qilgan tariflar bilan bog‘lamoqda. Avvalroq, fevral oyida u AQShga po‘lat va alyuminiy importiga barcha mamlakatlarga istisnolarsiz" 25%lik bojlar joriy qilgan edi.
“Bloomberg"ning ta’kidlashicha, kripto bozoridagi investorlar kayfiyati sohadagi bir qator tartibsizliklar, jumladan Bybit birjasining buzilishi va Argentina prezidenti Xavyer Miley bilan bog‘liq memkoinlar mojarosi tufayli yomonlashgan.
Kriptoaktivlar uchun likvidlik ta’minotchisi “Orbit Markets"ning hammuassisi Kerolin Moronning aytishicha, “Bybit"ning buzilishi shubhali memkoinlarning ishga tushirilishidan keyingi voqealar zanjirining so‘nggi halqasi bo‘ldi.
Avvalroq xakerlar “Bybit” kriptobirjasini buzib kirishgani va $1,5 mlrd o‘g‘irlashgani haqida yozgandi.
Kompaniyaning ma’lum qilishicha, boshqa hamyonlarga zarar yetmagan va mijozlarning mablag‘lari himoyalangan hamda barcha yo‘qotishlar sug‘urta orqali qoplanadi.