“OpenAI” “Sora” video generatorini to‘g‘ridan-to‘g‘ri “ChatGPT"ga joylashtirmoqchi. “TechCrunch"ning yozishicha, bu haqda kompaniya rahbarlari “Discord"dagi onlayn-sessiyada ma’lum qilgan.
Bu chat-bot foydalanuvchilariga matnli tavsiflar asosida 1080p gacha aniqlikda 20 soniyagacha davom etadigan haqiqiy videolarni yaratish imkonini taqdim etadi.
Ayni paytda “Sora” xizmati dekabr oyida ishga tushirilgan alohida “OpenAI” veb-ilovasi orqali mavjud. Biroq, “Sora” uchun “OpenAI” mahsulot menejeri Rohan Sahayning so‘zlariga ko‘ra, kelajakda kompaniya ushbu vositaning mavjudligi va funksionalligini kengaytirishni rejalashtirmoqda.
Suhayning aytishicha, “Sora"ning “ChatGPT"ga integratsiyasi faol ishlab chiqilmoqda. Ushbu ikki mahsulotni birlashtirish foydalanuvchilarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chat-bot orqali video yaratish imkonini beradi, ammo aniq muddatlar hali aytilmagan.
“ChatGPT"ga o‘rnatilgan “Sora” versiyasi veb-ilovadan farq qiladi va video materiallarni tahrirlash va montaj qilishda bir xil darajadagi nazoratni ta’minlamasligi mumkin.
“Sora” — “OpenAI"ning sun’iy intellekt modeli bo‘lib, u faqat matnli tavsiflar asosida videolar yaratish uchun mo‘ljallangan. U 2024-yil 15-fevralda taqdim etilgan bo‘lib, maksimal 1920×1080 aniqlikdagi videolarni yaratish imkonini beradi.
Foydalanuvchilar “Sora Turbo” deb nomlangan neyron tarmog‘i orqali 480pikseldan 1080pikselgacha va uzunligi 5 soniyadan 20 soniyagacha bo‘lgan videolarni yarata oladi.
Oyiga $20 to‘lanadigan “ChatGPT Plus” asosiy tarif rejasi foydalanuvchilarga 720p aniqlikda besh soniyalik 50 tagacha video yaratish imkonini beradi.
Avvalroq “Spot” “OpenAI” “ChatGPT"dan senzurani olib tashlashga harakat qilmoqchi ekanligi haqida yozgandi.
“ChatGPT” ko‘proq savollarga javob bera oladigan, turli xil nuqtai nazarlarni taklif qiladigan va sun’iy intellekt chat-boti gapirmaydigan mavzular sonini kamaytiradigan bo‘ladi.