1-maydan jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekistonga bojxona to‘lovlarisiz olib kiriladigan tovarlar uchun norma pasaytiriladi. Bu bo‘yicha 19-aprel kuni hukumatning tegishli qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, fuqarolar quyidagi qiymatdagi tovarlarni notijorat maqsadlarda boj to‘lamasdan olib kirishlari mumkin:

  • havo transportida — $1000 (amalda $2000 edi);
  • temir yo‘l va daryo transportida — $500 ($1000);
  • xalqaro kuryerlik jo‘natmalari — oyiga $200 gacha (hozirda har chorak uchun $1000).

Avtomobil va piyoda o‘tish punktlarida orqali bojsiz olib kirish normasi o‘zgarishsiz qoladi — $300. Xalqaro pochta jo‘natmalari orqali qabul qilinadigan tovarlar uchun ham $100 lik limit saqlanib qolmoqda.

Fuqarolar tomonidan qiymati $5000 miqdoridagi tovarlar bojxona deklaratsiyasini taqdim etmagan holda mamlakatdan olib chiqilishi mumkin, eksport boji joriy etilgan tovarlar bundan mustasno.

Ushbu qiymat doirasidagi tovarlar tijorat maqsadidagi tovarlarning kuzatuv hujjatlari asosida statistik maqsadlar uchun bojxona organlari tomonidan hisobi yuritilib, mamlakat eksport hajmiga kiritiladi.

Endilikda tovarlarni bojsiz olib kirish normasi qo‘llanilishi uchun fuqarolarning xorijda bo‘lish muddati belgilanadi. Bu temiryo‘l va daryo transportida hamda avtomobil o‘tkazish punktlari orqali tovarlarni olib kirishda kamida 2 kunni, havo transporti orqali qaytishda esa kamida 3 kunni tashkil etadi.

Bunda ushbu tovarlarga bojsiz olib kirish normasidan ortiq deb qaraladi va tovarlarning to‘liq qiymatidan yagona bojxona to‘lovi undiriladi.

Hujjat bilan fuqarolar tomonidan mamlakatga bojsiz olib kiriladigan ayrim tovarlarning miqdoriy nomalari tasdiqlandi. Unga ko‘ra, 20-iyuldan boshlab biologik faol qo‘shimchalarni shakliga qarab bojsiz olib kirishga cheklovlar joriy etiladi.

Xususan, 10 dona flakon suyuqlik yoki sirop, 0,5 kg gacha kukunli qo‘shimchalar yoki quritilgan o‘simlik komponentlari (gullar, ildizlar va boshqalar), 100 dona tabletka, 100 kapsula yoki 4 PET idishlarda kapsulalarni erkin olib kirish mumkin bo‘ladi.

Tamaki mahsulotlarini bojsiz olib kirish bo‘yicha cheklovlar aniqlashtirilmoqda: sigaret (TIF TN 2402 20) — 200 donagacha, sigara (TIF TN 2402 10 0 00 0) — 5 donagacha hamda tamaki (TIF TN 2403) — 100 gramm. Amalda barcha tamaki mahsulotlari uchun 10 qutigacha belgilangan.

Bundan tashqari, atir va ifor tarqatuvchi suvlarni olib kirishga qo‘shimcha cheklovlar belgilanmoqda. Ruxsat etilgan uch dona flakonning hajmi 300 millilitrdan oshmasligi kerak.

Avvalroq 1-iyuldan O‘zbekistonda barcha tovar eksportiga qo‘yilgan cheklovlar olib tashlanishi haqida xabar berilgandi. Davlat rahbari import tovarlarning bojxona qiymatini aniqlash tartibi muvofiqlashtirilishini, markirovkalash talablari ustidan nazorat kuchaytirilishini ma’lum qildi.