Tovar-xom ashyo birjasida (O‘zRTXB) propan narxi so‘nggi ikki hafta ichida deyarli 21% ga oshdi. Bu haqda Spot o‘rgangan savdo maydonchasi ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.

30-aprel kuni suyultirilgan gazning birja kotirovkasi kun davomida 6,4% ga oshib, bir tonnasi uchun 6,4 mln so‘mga yaqinlashdi.

18-aprelga nisbatan narx 20,9% ga, sotish hajmi esa 18,41% ga — 1891 tonnagacha oshdi. Shu bilan birga, 28 va 29-aprel kunlari birjada sotilgan propan hajmi rekord darajadagi 3000 tonnaga yetdi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, aprel oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda propan 8,7% ga arzonlashgan.

Suyultirilgan gaz narxining ko‘tarilishi metanning keskin qimmatlashishi fonida yuz berdi. Bugun gaz quyish shoxobchalari narxlarni to‘rtdan bir qismga — bir kub metr uchun 5200 so‘mgacha oshirdi. Bu AGTKShlar uchun gaz sotish narxi 1-maydan 38,9% ga — bir kub metr uchun 2500 so‘mgacha oshgani bilan bog‘liq.

O‘tgan yilning noyabr oyi boshida Raqobat qo‘mitasi suyultirilgan gaz narxining oshishiga sotuvchining boshlang‘ich narxiga nisbatan 20% miqdorida cheklov joriy etgandi.

Avvalroq O‘zbekiston birinchi chorakda Xitoyga gaz eksportini 2,5 barobardan ko‘proqqa oshirgani haqida xabar berilgandi.