Yevropa Ittifoqi 2027-yil oxirigacha Rossiya gazi, jumladan, suyultirilgan gaz importini taqiqlash choralarini tayyorlamoqda, deb yozadi Bloomberg nashri.

Qayd etilishicha, Yevropa Ittifoqining gaz importida Rossiyaning ulushi 2023-yilda Ukrainadagi harbiy operatsiyadan oldingi 40%ga nisbatan 19%ga tushdi.

Yevropa Ittifoqi uchun asosiy muammo Rossiyaning suyultirilgan gaz yetkazib berishi hajmining oshishi bo‘ldi. Bu Gazprom’ning quvurlar orqali etkazib berish hajmining qisqarishini qopladi.

Iyun oyida komissiya yangi bitimlar va spot shartnomalarini taqiqlashni taklif etadi — bular 2025-yilgacha bekor qilinishi kerak.

Biroq, importning asosiy qismini qamrab oladigan uzoq muddatli shartnomalar “ol yoki to‘la” shartlari tufayli murakkab masala bo‘lib qolmoqda.

Yevropa Ittifoqi AQSh, Qatar va Afrikadan muqobil yetkazib berishni ta’minlasa, bu shartnomalarni 2027-yilgacha bekor qilish ko‘zda tutilgan.

Manbalarga ko‘ra, Rossiya gazidan voz kechish global suyultirilgan tabiiy gaz ishlab chiqarish quvvatlarining o‘sishi tufayli narxlarga keskin ta’sir ko‘rsatmasligi kerak. Yakuniy qaror seshanba kuni rasman e’lon qilinishidan oldin o‘zgartirilishi mumkin.

Joriy yilning yanvar oyida Yevroittifoqining o‘nta mamlakati Rossiyadan barcha gaz importini imkon qadar tezroq to‘xtatishni taklif qilgandi.

Qayd etilishicha, mamlakatlar Rossiyaning har qanday gazini — quvurli va suyultirilgan gazni import qilishni taqiqlashni taklif qilmoqda.

To‘liq taqiqning muqobili sifatida 2022-yilda Yevropa Ittifoqi tomonidan qabul qilingan “RePowerEU” strategiyasiga muvofiq importni bosqichma-bosqich kamaytirish taklif etilmoqda.

Unga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi 2027-yilga kelib Rossiya gazidan butunlay voz kechib, boshqa yetkazib beruvchilarga o‘tishi hamda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirishi ko‘zda tutilgan. Biroq hujjat mualliflari bu jarayonni imkon qadar tezlashtirishni talab qilmoqdalar.

Hujjatni Litva, Latviya, Estoniya, Daniya, Chexiya, Polsha, Ruminiya, Shvetsiya, Irlandiya va Finlyandiya imzoladi.

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi iqtisodiy sanksiyalarning navbatdagi, 16-paketini tayyorlamoqda. Uni fevral oyi oxirida — Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli harbiy bosqini boshlanganining uch yilligi arafasida e’lon qilish rejalashtirilgan.

Yevropa Ittifoqi allaqachon Rossiya gazini dengiz orqali yetkazib berishni taqiqlab qo‘ygan, ammo ayrim Yevropa mamlakatlari, xususan Slovakiya va Vengriya, gazga qaram bo‘lganligi sababli quvur orqali keladigan gazdan to‘liq voz kecha olmadi.

Ushbu mamlakatlar hukumatlari Yevropa Ittifoqining sanksiyalar siyosatini bir necha bor keskin tanqid qilib, Kreml bilan munosabatlarni yaxshilashga chaqirdi.