O‘zbekistonda korporativ sport assotsiatsiyasi tashkil etildi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
8-may kuni davlat va xususiy sektor vakillari, sport tashkilotlari rahbarlari hamda 200 dan ortiq tadbirkorlar ishtirokida Toshkentda assotsiatsiya faoliyatini yo‘lga qo‘yishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston korporativ sport assotsiatsiyasi tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida sport va jismoniy faollikni targ‘ib qilish maqsadida tashkil etildi. Uning raisi etib Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov, ijrochi direktor etib esa Sherzod Sattorov tayinlandi.
Akfa Group asoschisi Jahongir Ortiqxo‘jayevni assotsiatsiya raisining birinchi o‘rinbosari, International Beverages Tashkent direktorlar kengashi raisi Shuhrat Ergashevni rais o‘rinbosari sifatida saylash taklifi bildirilib, bir ovozdan ma’qullandi.
Shuningdek, BMB Holding asoschisi Behzod Mamatqulov futbol va futzal bo‘yicha, Korzinka supermarketlar tarmog‘i asoschisi Zafar Hoshimov — basketbol, B.A.Holding asoschisi Bahodir Abdullayev — stol tennisi hamda Murad Buildings asoschisi Murod Nazarov yengil atletika sport turi bo‘yicha assotsiatsiya boshqaruv kengashi a’zolari etib tayinlandi.
Uchrashuvda assotsiatsiya tomonidan korporativ sportni rivojlantirish va ommalashtirish, tadbirkorlar o‘rtasida sport musobaqalarini tizimli tashkil etish ishlari amalga oshirilishi qayd etildi. Sport vazirligi va Milliy olimpiya qo‘mitasi tomonidan sport infratuzilmasi va tashkiliy-uslubiy jihatdan ko‘maklashiladi.
Assotsiatsiyani xizmatlar ko‘rsatish, reklama va homiylik mablag‘lari, ijtimoiy buyurtma hamda a’zolik badallari hisobidan moliyalashtirish rejalashtirilgan.
Avvalroq O‘zbekistonda Kichik biznes uyushmasi tashkil etilgani haqida xabar berilgandi.