Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan hududlarda yer maydonlarini noqonuniy sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, Xivadagi bog‘dorchilik bilan shug‘ullanuvchi MChJ rahbari korxonaning 19,9 gektar yer maydonini 30 gektar deb oshirib sotmoqchi bo‘lgani aniqlandi.

Korxona rahbari yerni mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga $120 ming, 80 sotix qismida ko‘p qavatli turar-joy binosi qurishga ruxsat olib berish uchun esa $60 ming talab qilgan. U DXXning Xorazm viloyati boshqarmasi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Farg‘ona viloyati boshqarmasi tomonidan Bosh prokuraturaning Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan o‘tkazilgan tezkor tadbirda kadastr inspektori $150 ming mablag‘ini olgan vaqtida ushlandi.

Kadastr agentligining Qo‘qon shahar bo‘limi yetakchi inspektori dehqonchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligiga 2024-yilda Farg‘ona viloyati hokimligi tomonidan 5,8 gektar sug‘oriladigan yer maydoni ajratilishida va unda yengil issiqxona qurish bo‘yicha tegishli qaror chiqarilishida yordam berganligini ro‘kach qilgan. Natijada, bu masalani hal etishda ko‘maklashgan mansabdor tanishlariga pul berishi kerakligini aytib, fermer xo‘jaligining ish yurituvchisidan $150 ming talab qilgan.

Angrenda yashovchi, muqaddam bir necha bor sudlangan shaxs shahar hududidagi bog‘dorchilikka mo‘ljallangan 18 sotix yer maydoni va unga tutash Ohangaron o‘rmon xo‘jaligi fondiga qarashli 2 gektar yerni xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qiladi.

Yerni sotish uchun $100 ming hamda kadastrda ishlovchi tanishlari orqali rasmiylashtirish uchun $21 ming talab qilgan. Lekin jami $121 mingni olgan vaqtida DXX va Departament xodimlari tomonidan uning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.

Surxondaryoda kuzatilgan holatda, To‘palang-Qoratog‘ Irrigatsiya tizimlari boshqarmasining To‘palang gidrouzeli bo‘limi xodimi Sariosiyo tumani hududidan kesib o‘tuvchi daryo va kanal muhofaza yer maydoni bo‘lgan 32 sotix yerni $73 500 ga shaxsiy mulk sifatida xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. Natijada, xodim $70 ming va $39 mln so‘mni olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq tadbirkorlar ma’lumotlarini soxtalashtirib, budjetdan 82 mlrd so‘m qaytargan soliq xodimlari ushlangani haqida xabar berilgandi. Soliq idoralarining ayrim mansabdor shaxslari 18 ta xo‘jalik yurituvchining barqarorlik reytingidagi baholarini sun’iy ravishda oshirib, xavf darajasini olib tashlashga yordam bergan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.