3,5 mlrd so‘mga yaqin davlat xaridlarida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi, deb xabar berdi Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati.

Taʼkidlanishicha, Surxondaryo viloyatida Sharg‘un ko‘mir buyurtmachiligida o‘tkazilgan boshlang‘ich narxi 1,8 mlrd so‘mga yaqin bo‘lgan tanlovda qonunchilik talablarining buzilishi aniqlandi. Natijada buyurtmachiga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, moliyaviy jarima hisoblandi.

Shuningdek, Angor tumanida boshlang‘ich narxi 1,3 mlrd so‘mga yaqin bo‘lgan tanlov savdolarida raqobatga zid holatlar aniqlandi. Savdolar tuman Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan.

Ushbu qonunbuzarlik asosida maxsus komissiya tomonidan ish qo‘zg‘atilib, buyurtmachi tashkilot mansabdor shaxsiga nisbatan chora ko‘rish uchun sudga maʼlumot yuborildi.

Bundan tashqari, Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Jizzax filiali tomonidan o‘tkazilgan tenderda qonun talablari buzilganligi aniqlandi.

Tanlov savdolari boshlang‘ich narxi 401 mln so‘mlik, ofis jihozlarini xarid qilish bo‘yicha o‘tkazilgan. Natijada buyurtmachiga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, buyurtmachi mansabdor shaxsga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Avvalroq Uzbekistan Airports 6,8 mlrd so‘mlik bodi-kameralar xaridida qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ygani haqida xabar berilgandi.