1-oktabrdan O‘zbekistonda moped va skuterlarni haydovchilik guvohnomasi hamda davlat raqamisiz boshqarish cheklandi. Ushbu transport vositalari ro‘yxatdan o‘tkazilgan, haydovchilar esa “A” toifali haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lishi kerak.

Xalq demokratik partiyasi ushbu muddatni keyingi yilga qoldirish, haydovchilik guvohnomasi va davlat raqamini olish uchun muddatlar va to‘lovlar miqdorini qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi. Qayd etilishicha, hozirda velosiped, moped va skuterlar orqali xizmat ko‘rsatuvchi kuryerlar soni qariyb 130 mingni tashkil etadi.

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning sakkiz oyida moped va skuterlar ishtirokida 300 dan ortiq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan, 53 kishi vafot etib, 259 kishi tan jarohati olgan.

Yangi talablar mamlakatda faoliyat yuritayotgan yetkazib berish xizmatiga ham ta’sir qildi. Chunki ularda faoliyat yuritayotgan kuryerlarning aksariyati aynan skuter hamda mopedlardan foydalanadi.

Xususan, Wolt Uzbekistan kompaniyasining hamkorlaridan ayrimlari zarur hujjatlarni rasmiylashtirish uchun vaqtincha faoliyatini to‘xtatgan. Kompaniya bosh direktori Zafar Isxakov Spot’ga bergan izohida Wolt bilan ishlovchi kuryerlar mustaqil hamkor bo‘lgani uchun ularning soni shaxsiy sharoit va ish jadvaliga qarab o‘zgarib turishini qayd etdi.

“Hozirda biz moslashish jarayonini kuzatyapmiz: ko‘plab hamkorlarimiz allaqachon haydovchilik guvohnomasi va davlat raqamlarini olishgan, shuningdek, yangi kuryerlar ham qo‘shilishda davom etmoqda. Umuman olganda, faol hamkorlar soni platformaning barqaror ishlashi uchun yetarli darajada”, — dedi u.

Zafar Isxakov buyurtmalarni yetkazib berish vaqti bo‘yicha jiddiy o‘zgarishlar kuzatilmayotganini ta’kidladi. Faqat dastlabki kunlarda o‘tish davri bilan bog‘liq ayrim kechikishlar kuzatilgan bo‘lishi mumkin, lekin hozirda xizmat odatdagi tartibda ishlamoqda. Vaziyat xizmatlar narxi va sifatiga ta’sir ko‘rsatmagan.

Wolt Uzbekistan bosh direktorining so‘zlariga ko‘ra, kompaniyaning avtoparklar bilan hamkorlik dasturi mavjud bo‘lib, zarur hollarda moped yoki skuter o‘rniga boshqa transport vositalarini, shu jumladan, elektr velosipedlarni ijaraga olish mumkin.

“Ushbu chora-tadbirlar xizmatning barqaror ishlashini va foydalanuvchilar uchun odatiy yetkazib berish sifatini saqlab qolishga yordam beradi”, — deya xulosa qildi Zafar Isxakov.

Uzum Tezkor kompaniyasi yangi tartiblar yetkazib berish sohasiga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini Spot’ga ma’lum qildi. Chunki ko‘plab fuqarolar uchun kuryerlik ishi asosiy yoki qo‘shimcha daromad manbai, skuterlar esa ko‘p talabga ega transport vositasi hisoblanadi.

Kompaniyaga ko‘ra, o‘qish va haydovchilik guvohnomasini olish vaqt va mablag‘ talab qilishi kuryerlar uchun sezilarli to‘siq bo‘lishi mumkin.

“Barcha avtomaktablarda ham skuter va mototsikl boshqarishga o‘rgatilmasligi ham qo‘shimcha qiyinchiliklarni tug‘diradi. Natijada, kuryerlarning bir qismi dastlabki haftalarda vaqtincha smenaga chiqmasligi mumkin, bu ularning daromadlariga ham, xizmat tezligiga ham ta’sir qiladi”, — deya ta’kidlanadi kompaniya izohida.

Uzum Tezkor yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarning oldini olish maqsadida qoidalar kuchga kirishidan oldin — avgust oyida logistika hamkorlari bilan birgalikda xavfsizlik texnikasi va yangi talablar bo‘yicha treninglarni tashkil etdi. Haydovchilik guvohnomasini olishda kuryerlarga hujjatlarni rasmiylashtirishga yordam berildi. Dastur hozir ham davom etmoqda.

Bundan tashqari, xizmat o‘z ilovasida kuryerlar uchun “Transport ijarasi” bo‘limi mavjudligini, unda ijaraning dolzarb shartlari keltirilganini qayd etdi.

Hozirda Uzum Tezkor hamkorlari — Q.watt yoki Thunder.Go orqali hujjatlarni rasmiylashtirishga ulgurmagan kuryerlar elektr velosipedlarni ijaraga olishlari mumkin. Belgilangan miqdordagi buyurtmalarni bajarganlarning esa ijara haqi to‘liq qoplab beriladi.

Shuningdek, kompaniya yetkazib berish narxlari, xizmat tezligi va sifati barqaror qolishini ma’lum qildi.