YouTube platformasi “Second Chance” (Ikkinchi imkoniyat) dasturini ishga tushirganini e’lon qildi. Bu haqda kompaniya rasmiy blogida ma’lum qilindi.

Bu dastur o‘z kanallariga kirish huquqini yo‘qotgan mualliflarga bloklangandan bir yil o‘tgach, kanallarini tiklash uchun ariza topshirish imkoniyatini beradi.

Aniqlik kiritilishicha, yangi tashabbus shikoyat emas va shikoyat qilishning barcha standart usullarini tugatganlar uchun mo‘ljallangan. Har bir ariza qoidabuzarliklarning xususiyati va mavjud hamjamiyat qoidalarini hisobga olgan holda individual tarzda ko‘rib chiqiladi.

“Vaqt o‘tishi bilan mualliflar o‘zgarishi, o‘rganishi va xulosa chiqarishi mumkinligini tushunamiz. „Ikkinchi imkoniyat“ dasturi bizning tamoyillarimiz va standartlarimizga qat’iy rioya qilgan holda yangidan boshlash imkonini beradi”, — deyiladi YouTube bayonotida.

Dastur doirasida foydalanuvchilar yangi kanal yaratishlari, eski roliklarni (agar ular dolzarb qoidalarga mos kelsa) qayta yuklashlari va monetizatsiyani qayta ulashlari mumkin bo‘ladi.

Ammo, dastur mualliflik huquqini buzganligi sababli hisobi o‘chirilgan mualliflarga tegishli emas — bunday kanallar qayta tiklanmaydi.

Ishtirok etish imkoniyati haqidagi xabarnomalar yaqin oylar ichida YouTube Studio’da paydo bo‘lishi kutilmoqda. Hozircha bloklangan rossiyalik blogerlarning ariza topshirish imkoniyati borligi aniqlanmagan.


Avvalroq Spot YouTube Trampning akkauntini muzlatgani uchun $24,5 mln tovon to‘lashi haqida yozgandi.