Netflix hammuassisi Rid Xastings kompaniya direktorlar kengashi raisi lavozimini tark etadi. Bu haqda The Wall Street Journal nashri xabar berdi.

2026-yil iyun oyida Xastingsning vakolat muddati tugaydi va u qayta saylanmaslikka qaror qilgan. Buning o‘rniga u xayriya va boshqa loyihalarga e’tibor qaratadi.

Xastings Mark Randolph bilan birgalikda 1997-yilda Netflix’ga asos solgan — kompaniya dastlab DVD disklarini pochta orqali ijaraga bergan.

U 1999-yildan 2023-yilgacha kompaniyaning bosh direktori bo‘lgan. Keyinchalik rahbarlik vazifalarini Ted Sarandos va Greg Peters o‘z zimmasiga olgan.

Netflix Xastingsning ketishi haqida 2026-yilning birinchi choragidagi moliyaviy natijalar bilan birgalikda e’lon qildi: kompaniya daromadi 2025-yilning to‘rtinchi choragidagi $12,05 mlrd o‘rniga $12,25 mlrdni tashkil etdi.

Sof foyda 83% ga o‘sib, $5,28 mlrdga yetdi. Netflix bu o‘sishni obunachilar soni va reklama daromadlarining ortishi, shuningdek, narxlarning oshirilishi bilan izohladi.

Shu yangiliklar fonida Netflix aksiyalari 9,64% ga arzonladi. Ushbu xabar e’lon qilingan vaqtda ularning narxi $97,4 turardi.


Avvalroq Netflix va Warner Bros. Discovery birlashuvi kinoteatrlar uchun tahdid deb baholanayotgani haqida xabar berilgandi.

Studiyalar birlashsa, filmlarning kinoteatrlardagi eksklyuziv namoyish muddati qisqarishi mumkin. Bu esa soha daromadiga jiddiy zarba berishi ehtimoldan xoli emas.