Bojxona qo‘mitasi mobil qurilmalarning IMEI kodlarini bojxona yuk deklaratsiyasining 31-grafasiga kiritish bo‘yicha yangi format joriy etilganini ma‘lum qildi.

Qayd etilishicha, yangi tartib 2026-yil 10-apreldan kuchga kirgan bo‘lib, endilikda IMEI ma‘lumotlari yangilangan talablar asosida ko‘rsatiladi.

Unga ko‘ra, avvalo har bir mobil qurilmaga alohida tartib raqami beriladi. Shundan so‘ng qurilmadagi har bir SIM slot alohida ko‘rsatiladi va har bir slot uchun tegishli IMEI raqami kiritiladi.

bojxona qo‘mitasi, imei, sim-karta, uzimei, telefon, mobil qurilmalar

Masalan, ikki SIM-kartali telefonda birinchi qurilmaning 1-sloti uchun bitta IMEI, 2-sloti uchun esa ikkinchi IMEI raqami yoziladi. Agar bir nechta qurilma bo‘lsa, har biri bo‘yicha shu tartib alohida davom ettiriladi.

Qo‘mita slot raqamini noto‘g‘ri ko‘rsatish, bir qurilma doirasida IMEI kodlarini takrorlash yoki qurilma tartib raqamlarini chalkashtirish xatolarga sabab bo‘lishini eslatdi.

Shuningdek, qurilmada nechta slot bo‘lsa, deklaratsiyada uning tartib raqami shuncha marta qayd etiladi. Bu har bir IMEI kodi qaysi qurilma va qaysi slotga tegishli ekanini aniq ko‘rsatish imkonini beradi.

IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish

Hukumatning 2024-yil 28-yanvardan kuchga kirgan 2019-yil 17-sentabrdagi qaroriga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, jismoniy shaxslar tomonidan telefonlarni olib kirishda bojxona to‘lovlari undirilmaydigan tovarlarni olib kirishning cheklangan me’yorlaridan qat’i nazar deklaratsiya to‘ldiriladi.

Fuqarolar va xorijliklar har bir chegarani kesib o‘tishda havo bandargohlari orqali ikkita uyali telefonni bojsiz olib kirishlari mumkin. Shu bilan birga, ularning umumiy qiymati $2000 dan oshmasligi kerak (poyezdda — $1000, avtomobilda $300 gacha). Agar qurilmalarning narxi belgilangan miqdordan oshib ketsa, u holda limitdan ortiqcha summaga 30% miqdorida boj undiriladi.

Noyabr oyi boshida Bojxona qo‘mitasi IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazishda deklaratsiyalanmagan qurilmalarni aniqlash uchun UzIMEI tizimini integratsiya qilish yakunlangani haqida xabar bergandi. Vazirlik telefonlarni olib kirishda IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazishda talab qilinadigan deklaratsiyani to‘ldirishga va bepul olib kirish miqdoridan oshib ketgan qurilmalarni yashirmaslikka chaqirdi.

“Agar UzIMEI tizimida olib kirilgan telefonning bojxona deklaratsiyasi haqida ma’lumot bo‘lmasa, qurilma qiymatining 30%u miqdorida bojxona to‘lovini to‘lashga to‘g‘ri keladi, shundan so‘ng qurilma ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Ungacha telefondan foydalanib bo‘lmaydi”, — deyiladi qo‘mita xabarida.

Bundan tashqari, vazirlik telefonlarni bozorlar, savdo nuqtalari yoki onlayn do‘konlardan sotib olayotganda UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tganligini tekshirishni tavsiya qildi. Agar qurilma ro‘yxatdan o‘tkazilmagan bo‘lsa, xaridorlar bojxona to‘lovlarini mustaqil ravishda to‘lashga majbur bo‘ladilar. Savollar yuzaga kelganda 1108 raqamiga murojaat qilish mumkin.

Shuningdek, Raqamli texnologiyalar vazirligi Spot so‘roviga javoban fuqarolar telefonlarni olib kirishda bojxona deklaratsiyasini to‘ldirish uchun qizil yo‘lakdan o‘tishlari kerakligini tushuntirdi. Agar qurilma deklaratsiya qilinmasa, uni UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazib bo‘lmaydi. U holda bojxona organlariga murojaat qilib, boj to‘lovlarini amalga oshirish lozim.


Spot, avalroq, telefon raqamni boshqaning nomiga onlayn o‘tkazish mumkinligi haqida yozgandi.