Umumiy ovqatlanish sohasi vakillari Toshkentning dizayn-kodini va peshlavhalarning elektr o‘chirish tahdidi bilan ommaviy demontaj qilinayotganini tanqid qildi. Bu haqda 23-aprel kuni poytaxtning tashqi reklamasi va dizayn-kodi masalalariga bag‘ishlangan ochiq muloqotda so‘z yuritildi.

Giotto tarmog‘i asoschisi Kemal Kaya o‘zining asosiy da‘vosi Toshkent dizayn-kodini ishlab chiqqan kompaniyaga qaratilganini aytib, ularning ishini “savodsizlarcha” deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjat chiqqanidan so‘ng hokimlik xodimlari Shahrisabz ko‘chasida joylashgan muassasa rangi qanday bo‘lishi kerakligini ham ayta olmagan.

“Prezidentimizning S-1 ga [gap ‘O‘zbekiston ovozi‘ ko‘chasi haqida ketmoqda — tahr.] tashrifi arafasida hokim menga bir iltimos bilan murojaat qildi. Siz mana shu rangni qilishni aytgansiz, biz qildik, muammo yo‘q. Biroq dahshatli narsa chiqdi. Avvaliga qaymoqrang bo‘lishi kerak, deyishgandi, isboti mana bu yerda [telefonda], ko‘rsataman, o‘zlari yuborishgan, pastki qismi esa qarag‘ay rangida bo‘lishi kerak edi. Men pul to‘lab, alyukobond olib keldim. Bir kundan keyin kelib: ‘Nima keragi bor, o‘z brendiga ega Giotto ko‘kligicha qolaversin‘, deyishdi. Men ‘yaxshi‘ dedim. Yana bir kundan keyin kelib: ‘Yo‘q, kulrang bo‘lishi kerak‘, deyishdi. Kechqurun kulrangga o‘zgartirdik, xodimlar sahar soat 4 da uyiga ketishdi. Juda xunuk narsa chiqdi, bu hech kimga, hatto hokimlik xodimlariga ham yoqmadi”, — dedi tadbirkor.

Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobovning hech kimga yoqmagan dizayn taklifini kim yuborgani haqidagi aniqlashtiruvchi savoliga Kemal Kaya bu taklif nomini aytmagan qaysidir kompaniyadan kelganini aytdi.

Kamol Qoya. Foto: Videodan kadrKamol Qoya. Foto: Videodan kadr

Giotto vakilining ta‘kidlashicha, dizayn-kodda peshlavhalarning nisbatlari noto‘g‘ri belgilangan, bu esa umumiy ovqatlanish korxonalari faoliyatini murakkablashtirib, tashrif buyuruvchilar uchun mo‘ljal olishni qiyinlashtirgan.

“Siz butun Yevropa oldida mamlakatni sharmanda qilasiz […] Bunday loyihani normal mamlakatda qila olmaysiz, kechirasiz. Bu shunchaki o‘tmaydi […] Nega bu yerda muammo bor? Ayb hokimiyatda emas, loyihani ishlab chiqqan odamlarda, bu esa hammaning hayotini qiyinlashtiryapti […] Siz O‘zbekistonni Shimoliy Koreyaga aylantirmoqchisiz”, — dedi u.

Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, u shaxsiy fikrini emas, balki me‘morlar hamjamiyatining pozitsiyasini bildirgan. Shu bilan birga, Kemal Kaya tumanlarga qarab tashqi ko‘rinishga yondashuv har xil ekanini ta‘kidlab, shahar hokimiyatini peshlavhalardagi fon rangi va harflar parametrlarini aniq belgilab berishga chaqirdi.

Poytaxt dizayn-kodini ishlab chiqishga rahbarlik qilgan Toshkent Invest kompaniyasining developerlik loyihalarini shakllantirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i Rushana Hasanova muhokamaga tayyorligini ta‘kidladi.

Bunga javoban, Papa John‘s pitseriyalari tarmog‘i va EvoEva kosmetika brendini taqdim etuvchi xolding vakili Bobur Tolipov, agar shahar hokimiyati muloqotga ochiq ekanini bildirayotgan bo‘lsa, peshlavhalarni buzishga va biznesni elektr energiyasidan uzish bilan qo‘rqitishga kim vakolat bergan, degan savolni o‘rtaga tashladi.

Bobur Tolipov. Foto: SSPBobur Tolipov. Foto: SSP

Toshkent dizayn-kodi

28-yanvar kuni xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining navbatdagi sessiyasida poytaxt dizayn-kodi qoidalarini amaliyotga joriy etish masalasi ko‘rib chiqildi. 17-fevral kuni mahalliy Kengash Toshkent shahar hokimligining Toshkent Invest Kompaniyasi buyurtmasiga binoan CM International tomonidan ishlab chiqilgan dizayn-kodni joriy etish to‘g‘risidagi taklifini ma‘qulladi.

Qaror ilovalarida quyidagilar tasdiqlangan:

  • jamoat joylarining turlari va chegaralari, shuningdek, ularni rejalashtirish bo‘yicha tavsiyalar;
  • Toshkent shahar dizayni elementlarini joylashtirish qoidalari, tijorat obyektlarini rasmiylashtirish tartibi, shaharning vizual o‘ziga xosligini shakllantirish, tutash hududlardan foydalanish, konstruksiyalar va axborot vositalarini (reklama, peshlavhalar, yozuvlar) joylashtirish, shuningdek, shahar dizayni elementlari kataloglari;
  • Toshkent shahrining sayyohlik va gastronomik ko‘chalari ro‘yxati;
  • jamoat joylarida obodonlashtirish va sanitariya tozalov ishlarini o‘tkazish uchun ekspluatatsiya yig‘imi miqdori;
  • Tutash hududlardan samarali foydalanish va dizayn-kod loyihalarini ko‘rib chiqish masalalari bo‘yicha Toshkent shahar komissiyasining tarkibi.

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining qarori rasman e‘lon qilingan kundan boshlab uch oydan so‘ng — may oyi o‘rtalaridan kuchga kiradi. Hujjat bilan havola orqali batafsil tanishish mumkin.

Spot, avvalroq, joriy yilda Toshkentda 18 ta yangi gastronomik ko‘cha ochilishi haqida yozgandi.